Уч бақалоқ. Юрий Олеша
Читать онлайн книгу.BIRINCHI QISM
DORBOZ TIBUL
I BOB
DOKTOR GASPAR ARNERINING BEHALOVAT KUNI
Sehrgarlar zamoni o‘tib ketgan. Ehtimolki, sehrgarlar aslida bo‘lishmagandir ham. Balki, ularning hammasini odamlar kichkina bolalarga ertak bo‘lsin deb, ichlaridan to‘qib chiqarishgandir. Lekin hayotda shunday mohir ko‘zboyloqchi-fokuschilar bo‘lganki, ular merov odamlarni juda ustalik bilan laqillata olganlar, natijada shu nayrangbozlarni hamma afsungar va sehrgar deb atay boshlagan.
Shunaqa bir doktor bo‘lgan edi. Uning ismi Gaspar Arneri edi. Go‘l odamlar, bekorchi o‘yinqaroqlar, chala mulla talabalar ham uni sehrgar deb hisoblashlari mumkin edi. Aslida esa bu doktor shunaqangi ajoyib buyumlar yasardiki, ularni chinakam mo‘jiza desa bo‘lardi. Lekin u hamma laqma odamlarni ahmoq qilib yuruvchi sehrgar va firibgarlarga sira ham o‘xshamas edi.
Doktor Gaspar Arneri olim edi. Uni salkam yuzta ilmdan xabari bor desa bo‘ladi. Xullasi kalom, butun mamlakatda Gaspar Arneridan donishmandroq, bilimdonroq odam yo‘q edi.
Uning olimligini tegirmonchi ham, askar ham, xonimlar ham, Ministrlar ham – hamma bilardi. Maktab bolalari bo‘lsa, uning to‘g‘risida butun boshli qo‘shiq to‘qib, ko‘cha-ko‘yda kuylab yurishardi; u qo‘shiqning naqorati bunday edi:
Yulduzlarga qanday uchmoqni,
Shum tulkini qay xil tutmoqni,
Toshni qanday eritmoqni ham
Bilar bizning doktor Gaspar, ha! 1
Yoz kunlarining birida, iyun oyining juda bahavo bir kuni doktor Gaspar Arneri o‘simlik va qo‘ng‘izlarning ayrim turlarini terish ham tutish uchun uzoq sayrga chiqmoqchi bo‘ldi.
Doktor Gaspar Arneri ancha yoshga borib qolgan keksa odam edi; shuning uchun u shamoldan, yomg‘irda ivib qolishdan qo‘rqar va uydan chiqayotganida bo‘yniga qalin sharf o‘rar, ko‘ziga changdan saqlanadigan ko‘zoynak taqar, qoqilib ketmaslik uchun qo‘liga hassa ushlab olar va umuman, sayrga zo‘r ehtiyotkorlik bilan hozirlik ko‘rardi.
Bu safar havo juda yaxshi edi: oftob charaqlab nur sochardi; o‘t-o‘lanlar shunaqangi yam-yashil ediki, hatto ularning shirin ta’mini og‘zingda ham his etarding osmonda qoqi o‘t momiqlari uchib yurar, qushlar chug‘urlashardi: yengil shabboda bamisoli balda kiyiladigan ko‘ylakning etaklari singari yelpinardi.
– Mana bu yaxshi bo‘ldi, – dedi doktor, – lekin shunga qaramay, plashni olish kerak, nimagaki yoz havosi beqaror bo‘ladi. Yomg‘ir yog‘ib yuborishi mumkin.
Doktor uy xodimasiga ro‘zg‘or ishi bo‘yicha farmoyish berdi, «huh»lab ko‘zoynagini artdi, jomadonga o‘xshab ketuvchi yashil charm qoplangan qutichasini qo‘liga oldi-da, yo‘lga chiqdi.
Eng xushmanzara joylar shahar tashqarisida, Uch Baqaloq Qasri joylashgan yerda edi. Doktor ko‘proq shu yerlarga kelib turardi. Uch Baqaloq Qasri kattakon bir bog‘ning qoq o‘rtasida qad ko‘targan edi. Bog‘ gir aylangan chuqur zovur bilan o‘ralgan bo‘lib, bu zovurning har yer-har yeriga qop-qora temirdan osma ko‘priklar qurilgan edi. Ko‘priklarni saroy soqchilari pat qadalgan qora kleyonka shlyapa kiygan gvardiyachilar qo‘riqlab turardilar. Bog‘ning atrofi esa yerning to osmon bilan tutashgan joyigacha gul-chechaklar chaman bo‘lib o‘sgan o‘tloqlar, daraxtzorlar va ko‘llar bilan qoplangan edi. Bu yerlar juda yaxshi sayrgoh edi. Bu yerda o‘t-o‘lanlarning eng alomat turlari o‘sar, eng antiqa qo‘ng‘izlar g‘o‘ng‘illab uchar va eng xushovoz qushlar sayrashardi.
«Yo‘q, piyoda borish uchun u yer uzoq. Yaxshisi, shahar darvozasigacha boraman-da, u yerda izvosh yollayman. Qasr bog‘igacha meni shu izvosh olib borib qo‘yadi», – deb o‘yladi doktor.
Shahar darvozasi oldida bugun odamlar har doimgidan ko‘proq edi.
«Iye, bugun yakshanbami? – deb gumonsiradi doktor. – Yo‘q, undaymas-e. Bugun seshanba-ku».
Doktor olomonga yaqinroq bordi.
Butun maydon odamlar bilan liq to‘lgan edi. Doktor bu yerda yashil qaytarma yoqali, kulrang movut kamzul kiygan hunarmandlarni; rangi so‘niq dengizchilarni; egniga guldor nimcha kiygan o‘ziga to‘q shaharliklarni va ularning yubkalari atirgul butalariga o‘xshab ketuvchi xotinlarini; graflarni; quti ko‘targan baqqollarni; muzqaymoqchi-yu, kabobchilarni; cho‘pdek ozg‘in sayyor artistlarni, go‘yo quroq ko‘rpadan tikilgandek yashil, sariq va olachipor rangli libos kiygan artistlarni; sho‘x malla kuchuklarning dumidan tortib o‘ynovchi jajji bolakaylarni ko‘rdi.
Odamlar shahar darvozasi oldida uymalashib turardilar. Balandligi xuddi uyday keladigan ulkan darvoza taqa-taq yopiq.
«Nega darvoza yopiq ekan?» – deya ajablandi doktor.
Olomon shovqin solar, hamma baqirib-chaqirar, so‘kinar, lekin biror aniq gap eshitib bo‘lmasdi.
Doktor qo‘lida baq-baqaloq moshrang mushuk ushlab turgan bir juvon oldiga borib undan so‘radi:
– Marhamat qilib tushuntirib bersangiz: nima bo‘lyapti o‘zi bu yerda? Nega odam buncha ko‘p, nima sababdan ular bunchalik bezovta, nega darvoza yopiq?
– Gvardiyachilar odamlarni shahardan chiqarishmayapti…
– Nega chiqarishmayapti?
– Darvoza yopilmasidan oldin bir guruh odamlar shahardan chiqishib, Uch Baqaloq Qasriga yo‘l olishgan edi, endi bular ham chiqib ularga yordam berishmasin, deb berkitib qo‘yildi…
– Men hech nimaga tushunmayapman, xonim, shuning uchun meni avf etgaysiz…
– Voy, nahotki eshitmagan bo‘lsangiz, axir bugun qurolsoz Prospero bilan gimnastikachi Tibul Uch Baqaloq Qasrini hujum bilan qo‘lga olish uchun xalqni boshlab ketishdi-ku.
– Qurolsoz Prospero?
– Ha o‘rtoq… Devor baland, uning naryog‘ida gvardiyachi o‘qchilar poylab yotishibdi. Endi hech kim shahardan chiqa olmaydi. Qurolsoz Prospero bilan ketgan odamlarni bo‘lsa, saroy gvardiyasi qirib tashlaydi.
Chindan ham, uzoqdan bir necha o‘q ovozi gumburlab eshitildi.
Ayol baroq mushukni qo‘lidan tushirib yubordi. Mushuk yerga xuddi bir zuvala xamirdek «shalp» etib tushdi. Olomon faryod ko‘tardi.
«Demak, men bu g‘oyat muhim voqeadan bexabar qolibman, – dedi o‘zicha doktor. – Rost, men bir oydan buyon xonamdan tashqariga chiqmagan edim. Eshikni ichidan berkitib olib ishlagan edim. Men ham voqeadan g‘aflatda qolibman…»
Bu payt yana ham olisroqdan zambarakning gumburlagan ovozi eshitildi. Bu gumbur-gumburning aks sadosi xuddi koptokdek sakrab-sakrab shamol esgan tomonga olislab ketdi. Bundan nafaqat doktor qo‘rqib bir necha qadam orqaga tisarildi – balki butun olomon cho‘chib, o‘zini har yoqqa otdi. Bolalar yig‘lab yuborishdi; kaptarlar qanotlarini patillatib gurra uchishdi; itlar pisib olgancha ingray boshlashdi.
To‘p sadolari momaqaldiroqdek dahshatli gumburlardi. Olomon butun maydonni boshiga ko‘tarib shovqin soldi. Odamlar darvozaga yopirilib kelib qichqira boshlashdi:
– Prospero! Prospero!
– Yo‘qolsin Uch Baqaloq!
Doktor Gaspar butunlay gangib qoldi. Olomon orasida uni tanib qolishdi, chunki ko‘pchilik uni ilgariyam ko‘rgan-bilgan edi. Ayrim odamlar, go‘yo undan panoh axtarganday, undan yordam kutgandek u tomon tashlandilar, ammo doktorning o‘zi yig‘lamoqdan beri bo‘lib sarosimaga tushgandi.
– Nima bo‘lyapti u yoqda? Qanday bilsa bo‘larkin-a, darvozadan tashqarida nimalar bo‘layotganini? Balki xalq g‘alaba qozonayotgandir yo bo‘lmasa, allaqachon hammani qirib tashlashgandir.
Shu choq o‘ntacha odam maydonga kelib tutashgan uchta tor ko‘cha tomonga yugurib ketdi. Bu ko‘chalar muyulishida bir uy bo‘lib, uning tepasida baland va ko‘hna minora qad ko‘targan edi. Boshqa odamlar qatori doktor ham minoraga chiqishga qaror qildi. Uning pastki qavatida hammomga o‘xshab ketuvchi kirxona bor edi. U yer xuddi yerto‘ladagidek qop-qorong‘i. Minoraga shu yerdan aylanma zina orqali chiqish kerak edi. Tor-tor darchalardan tushib turgan yorug‘lik zinani g‘ira-shira yoritar, shuning uchun odamlar bu zinadan juda
1
She’rlarni M.Mirzayev tarjima qilgan.