Ko`rinmas odam. Герберт Уэллс
Читать онлайн книгу.qo‘yilgan darpardaga orqa o‘girib o‘tirardi, aftidan, u qornini to‘yg‘azib, isinib olgach, o‘zini ancha durust his qilar va avvalgidek uzuq-yuluq gapirmas, zarda qilmas edi. Olovning qizg‘ish shu’lasida uning ulkan ko‘zoynagiga bamisoli jon bitganga o‘xshardi.
– Bremblxerst stansiyasida, – dedi u, – ba’zi bir narsalarim qolgandi. O‘shalarni olib kelishga odam yuborishning iloji yo‘qmi?
Ayolning javobini eshitgach, bint bilan o‘ralgan boshini nazokat bilan egib qo‘ydi.
– Faqat ertaga odam yuborish mumkin deysizmi? Nahotki undan ilgariroq borib kelishning iloji bo‘lmasa?
Missis Xoll buning iloji yo‘qligini aytganda, noma’lum kishi juda xafa bo‘ldi.
– Sira iloji yo‘qmi, a? – takror so‘radi u. – Balki aravada stansiyaga borib keladigan biror kishi topilib qolar?
Missis Xoll shu yo‘sinda gapga solmoqchi bo‘lib, uning barcha savollariga bajonidil javob berardi.
– Stansiyaga boriladigan yo‘l juda qiyalab ketgan, – dedi missis Xoll va fursatdan foydalanib ilova qildi:
– O‘tgan yili o‘sha yo‘lda bir arava ag‘darilib tushgandi. Yo‘lovchi ham, izvoshchi ham til tortmay o‘ldi. Falokat oyog‘ingning ostidan chiqadi, deb shuni aytadilar-da! Falokat bossa, ko‘z ochib yumguncha asfalasofilin bo‘lish mumkin, shunday emasmi, janob? Biroq mehmonni gapga solish uncha oson emasdi.
– Ha, shunday, – dedi u, qalin ko‘zoynagi ostidan missis Xollga bamaylixotir boqib.
– Tirik qolgan taqdirda ham, shifo topib ketguncha bo‘ladigan sarsongarchilikni aytmaysizmi? Mana, masalan, mening Tom degan jiyanim o‘tgan yili qo‘lini o‘roq bilan kesib olgan edi, pichan o‘rib turganida qoqilib ketibdi-da, qo‘lini kesib olibdi, ha, ishonasizmi, uch oycha qo‘lini bog‘lab yurdi. Shundan beri men o‘roqdan o‘lguday qo‘rqadigan bo‘lib qoldim.
– Buning sira ajablanarli joyi yo‘q, – dedi musofir.
– Ahvoli juda og‘irlashib qolganda uni hatto operatsiya qilish kerakka o‘xshaydi deb ham o‘yladik.
Musofir xuddi itning akillashiga o‘xshash tovush chiqarib kuldi.
– Ahvoli shunchalik yomonlashganmidi? – qayta so‘radi u.
– Ha, shunday, janob. Bu holat uni parvarish qilayotgan odamlar uchun sira kulgili emas edi. Opam nuqul yosh bolalari bilan band bo‘lardi. Uning qo‘lini bog‘lash va yechib malham qo‘yish mening zimmamga tushgandi, agar bilsangiz edi…
– Marhamat qilib, menga gugurt topib bering, – deb birdan uning so‘zini bo‘ldi musofir. – Tamakim o‘chib qoldi.
Missis Xoll hayron bo‘lgancha angrayib qoldi. Shunchalik qo‘pollik bilan so‘zini kesish odobsizlik, albatta. Ayol bir daqiqa unga achchiqlanib qarab turdi, lekin to‘lagan pulini eslagach, indamay gugurt keltirgani chiqib ketdi.
Missis Xoll gugurt keltirib stol ustiga qo‘ygach, musofir unga qarab: – Rahmat! – dedi-da, orqasini o‘girib yana derazaga qarab oldi. Chamasi, bint va operatsiya haqidagi gaplar unga yoqmasdi. Missis Xoll bu mavzudan qayta og‘iz ochmaslikka qaror qildi. Notanish kishining iltifotsizligi uni ranjitdi va missis Xoll butun alamini boyaqish Millidan oldi.
Musofir hech kimni bezovta qilmay, soat to‘rtlargacha mehmonxonada yolg‘iz o‘zi o‘tirdi. Shu vaqt ichida u yerdan hech qanday tovush eshitilmadi, aftidan, u o‘tin yonib tugayotgan kamin oldida tamaki chekib o‘tirgan, ehtimolki, mizg‘ib olgan bo‘lsa kerak.
Biroq biror kishi diqqat bilan quloq solganda edi, uning kamindagi ko‘mirlarni titkilagani, keyin xonada besh daqiqacha u yoqdan bu yoqqa yurib, o‘z-o‘zi bilan gaplashganini eshitgan bo‘lardi. Keyin u qaytib borib joyiga o‘tirdi, shunda kreslo sal-pal g‘ichirlab ketdi.
II bob
MISTER TEDDI XENFRINING DASTLABKI TAASSUROTI
Soat to‘rtda, deyarli qosh qorayib, nihoyat, missis Xoll botinib, musofir o‘tirgan xonaga kirmoqchi va choy ichishga xohishingiz bormi, deb so‘ramoqchi bo‘lib turganida qovoqxonaga soatsoz Teddi Xenfri kirib keldi.
– Havoning rasvoligini qarang, missis Xoll! – dedi u. – Men esa yupqa yozgi boshmoq kiyib yuribman.
Tashqarida gupillab qor yog‘ayotgan edi.
Missis Xoll havoning rasvoligi to‘g‘risidagi fikrga qo‘shildi va daf’atan soatsozning asbob-uskuna joylangan jomadonchasiga ko‘zi tushib quvonib ketdi.
– Bilasizmi, janob Xenfri, shu yerda ekaningizda, lutfan mehmonxonadagi soatni bir qarab bering-a. O‘zi yaxshi yuradi, zang urishi ham joyida, lekin soat mili oltida to‘xtaganicha sira o‘rnidan siljigisi kelmaydi.
Missis Xoll soatsozni mehmonxona eshigiga boshlab bordi-da, eshikni taqillatib, ichkari kirdi. Missis Xoll ostona hatlab ichkari kirganida musofir kamin oldidagi kresloda bint bilan o‘ralgan boshini quyi solib mudrab o‘tirardi. Xonani kamindagi o‘t alangasining yolqini yoritib turardi; noma’lum kishining ko‘zoynagi temir yo‘lning signal chiroqlari kabi yaltirab turar, basharasi esa soyada qolgani tufayli ko‘zga uncha chalinmasdi; qiya ochiq eshikdan xonaga qish kunining so‘nggi g‘ira-shira yorug‘i tushib turardi. Vino quyib sotiladigan peshtaxta tepasida hozirgina yoqilgan chiroq shu’lasida ko‘zi qamashgani sababli missis Xollga xonadagi hamma narsa qizg‘ish, g‘alati va noaniq bo‘lib ko‘rindi. Bir lahzagina unga noma’lum kishining og‘zi kishini vahimaga soladigan darajada katta ko‘rinib, butun basharasini kesib o‘tgan o‘raday bo‘lib tuyuldi.
Lekin bu – oppoq bint bilan o‘ralgan kalla, ulkan ko‘zoynak va uning ostida go‘yo esnayotganga o‘xshash keng ochilgan og‘iz bir ongina ko‘rindi, xolos. Biroq shu payt mudrayotgan kishi qimirladi-da, qaddini rostlab, qo‘lini ko‘tardi.
Missis Xoll eshikni lang ochib yubordi, xona ancha yorishib ketdi: endi u musofirning yuzini durustroq ko‘rdi, uning basharasi avval sochiq bilan o‘ralganiday, hozir ham sharf bilan o‘rog‘liq edi. Shunda missis Xoll bu narsalarning hammasi shunchaki ko‘zimga ko‘rindi, aslida esa soya tushib turgani uchun shunday tuyulgan bo‘lsa kerak degan fikrga keldi.
– Bu kishiga soatni tekshirib ko‘rishga ijozat bermaysizmi, janob? – so‘radi missis Xoll shosha-pisha.
– Soatni tekshirish? – qayta so‘radi musofir mudraganicha atrofga alanglab. Keyin go‘yo birdan o‘ziga kelganday ilova qildi: – Marhamat!
Missis Xoll chiroq keltirgani chiqib ketdi, noma’lum kishi esa o‘rnidan turib kerishdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay uy bekasi chiroq ko‘tarib keldi. Janob Teddi Xenfri uni qo‘liga olib, xonaga qadam qo‘ydi-yu, bint bilan o‘rab chirmalgan kishiga ro‘para keldi va keyinchalik o‘zi iqror bo‘lganidek, «kapalagi uchib ketdi».
– Salom, – dedi noma’lum kishi, Teddining iborasi bilan aytganda, unga «dengiz qisqichbaqasi» kabi nazar tashlab, uning bunday taqqoslashiga zangori ko‘zoynak sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak.
– Sizni bezovta qilmaymanmi, ishqilib? – dedi janob Xenfri.
– Aslo, – javob qildi musofir. – Biroq men, – deb qo‘shimcha qildi u miss Xollga yuzlanib, – bu xona shaxsiy tasarrufimga o‘tdi deb o‘ylagandim.
– Basharti soatni tuzatishsa, – dedi uy bekasi, – siz bunga qarshi bo‘lmassiz deb…
U «o‘ylagandim» deb qo‘shimcha qilmoqchi edi-yu, biroq jim qoldi.
– Albatta, – shartta uning so‘zini bo‘ldi musofir, sirasini aytganda, men yolg‘iz o‘tirishni yaxshi ko‘raman, bezovta qilishlarini yoqtirmayman. Lekin soatning tuzatilishidan xursandman, – deb so‘zini davom ettirdi u janob Xenfrining taraddudlanib to‘xtaganini ko‘rgach. Soatsoz uzr so‘rab qaytib ketmoqchi edi, lekin musofirning gapini eshitib ko‘ngli o‘rniga tushdi.
Noma’lum kishi o‘girilib, qo‘llarini orqaga qildi.
– Soat tuzatilgandan keyin choy ichaman,