Капитан Грант болалари. Жюль Верн
Читать онлайн книгу.bo‘lgan vino yoki rom yo‘q edi, lekin ular tillaning bahosini juda yaxshi bilar edilar. Glenarvan patagoniyalik uchun ham yana bitta ot sotib olmoqchi edi, lekin Talkav buning hech keragi yo‘q ekanini bildirdi.
Ishni bitkazgach, Glenarvan o‘zining yangi «mol yetkazib beruvchilari» bilan – ularni Paganel shunday deb atadi – xayrlashdi, oradan yarim soat ham o‘tmay, ular lagerga yetib keldilar. Ularni lagerda qiyqiriqlar bilan kutib oldilar, to‘g‘ri, bu qiyqiriqlar ularga emas, egarloqlik otlar bilan oziq-ovqatga taalluqli edi. Hammalari ham zo‘r ishtaha bilan ovqatlandilar.
Robert ham biroz ovqat yedi. U endi o‘zini ancha yaxshi his qilardi.
Kunning qolgan qismini faqat dam olib o‘tkazdilar. Har to‘g‘rida jindak-jindak so‘zlashdilar: aziz hamrohlari mis Meri bilan Elenni, «Dunkan»ni, kapitan Jon Mangls va uning azamat matroslarini esga oldilar, Garri Grantni ham unutmadilar, axir kapitan Grant shu yaqin orada bo‘lishi mumkin edi-da.
Paganelga kelsak, u hind yo‘l boshlovchidan bir qarich ham nari ketmas, go‘yo Talkavning soyasi bo‘lib qolgan edi. Hindning oldida o‘zi yosh boladay ko‘rinib qolgan geografiya olimi haqiqiy patagoniyalikni uchratganidan o‘zida yo‘q xursand edi.
Paganel o‘zining ispancha iboralari bilan Talkavning boshini rosa qotirdi, lekin u olimning gapiga sabr-toqat bilan javob qaytarardi. Geografiya olimi ispan tilini endi kitobsiz o‘rganmoqda edi. U tomog‘i, tili va chakaklarini ishga solib baland ovoz bilan ispan so‘zlarini talaffuz qilgani eshitilib turardi.
– Talaffuzimni tuzata olmasam masxara qilmang, – derdi u mayorga qayta-qayta, – ispan tilini menga patagoniyalik hind o‘rgatadi deb mutlaqo o‘ylamagan edim!
O‘n oltinchi bob
RIO-KOLORADO
Ertasiga, 22-oktabr ertalab soat sakkizda Talkav yo‘lga chiqishga signal berdi. Argentina pasttekisligi yigirma ikkinchi va qirq ikkinchi gradus (uzunlik)lar orasida g‘arbdan sharqqa qarab tobora pastlashib boradi: sayohatchilarimiz endi dengiz bo‘yiga qarab borgan sari pastga tushib borishlari kerak edi.
Patagoniyalik otdan bosh tortganda Glenarvan u ham ko‘pgina mahalliy yo‘l boshlovchilar singari piyoda yurmoqchi shekilli, deb o‘ylagandi, chunki bunday uzun-uzun oyoq bilan yo‘l bosish qiyin ish emas albatta.
Lekin Glenarvan yanglishdi.
Yo‘lga chiqish paytida Talkav g‘alati qilib qattiq hushtak chaldi, shu zahotiyoq yaqin oradagi chakalakdan baland bo‘yli ajoyib bir ot chiqib keldi. Bu chiroyli kuchli, mag‘rur, asov, dovyurak qorato‘riq ot edi. Uning kallasi kichkina, nihoyatda kelishgan bo‘lib, kishnaganda burun teshiklari keng kerilar, ko‘zlarida o‘t chaqnardi, oyoqlari baquvvat, yoli uzun, ko‘krakdor – xullas, kuchli, chayir ekanligi shunday ko‘rinib turardi. Ot zotidan yaxshi xabardor bo‘lgan Mak-Nabbs pampas otlarining bu chiroyli namunasidan ko‘z uzolmay qoldi; mayor bu go‘zal jonivorning ingliz gunteriga o‘xshash ketadigan joylari borligini aniqladi. Bu uchqur otning ismi «Tauka» ekan, patagon tilida bu so‘zning ma’nosi «qush» demakdir. Shubhasiz, bu ism unga juda kelishib tushardi.
Talkav bir sakrab o‘z Taukasiga mindi, ot darhol olg‘a otildi. Patagoniyalikka qaragan kishining zavqi kelardi: Talkav ajoyib chavandoz chiqdi. Uning egariga Argentina qirlarida rasm bo‘lgan ikkita ovchilik quroli – bolas va lasso bog‘lab qo‘yilgandi. Bolas bir-biriga charm qayish bilan ulangan uchta shardan iborat. Hindular bolasni quvib borayotgan dushman yoki hayvonlariga yuz qadam masofadan ham otaveradilar, yana shunday ustalik bilan mo‘ljallab otadilarki, u qochib ketayotgan kishi yoki hayvonning oyog‘iga o‘ralib, uni darhol yerga yiqitadi. Bolas mohirlik bilan ishlata bilgan hindu qo‘lida juda qo‘rqinchli qurol. Lasso esa hech qachon ovchining qo‘lidan butunlay chiqib ketmaydi. U ikkita pishiq qayishdan to‘qilgan, bir uchi sirtmoq qilinib, temir halqa o‘rnatilgan o‘ttiz futcha uzunlikdagi charm arqondan iborat. Ovchi bu sirtmoqni o‘ng qo‘li bilan uloqtiradi, chap qo‘li bilan esa uning egarga mahkam bog‘lab qo‘yilgan uchini ushlab turadi. Yelkasiga osib olgan uzun karabin patagoniyalikning uchinchi quroli edi.
O‘zining mag‘rur, bamaylixotir, kelishgan xatti-harakatlari hamrohlarini qanchalik zavqlantirganini sezmay Talkav otryadning oldiga tushib, yo‘l boshladi. Chavandozlar goh ot choptirib, goh mayda qadamlab bordilar, chunki Argentina otlari, aftidan, yo‘rtib yurishni bilmas edi. Robert egarda shunday mahkam o‘tirar ediki, Glenarvan undan mutlaqo xavotir olmay qo‘ydi.
Pampaslar Kordiler tog‘larining xuddi etagidan boshlanadi. Ularni uch qismga bo‘lish mumkin: pastak daraxtlar va chakalaklar bilan qoplangan birinchi qismi Kordilerdan ikki yuz ellik milga cho‘ziladi; ajoyib barra o‘tlar bilan qoplangan va eni to‘rt yuz ellik mil masofaga cho‘ziladigan ikkinchi qismi Buenos-Ayresdan bir yuz sakson mil narida tugaydi. Bu yerdan to okean qirg‘og‘igacha sayohatchilar yovvoyi beda va qushqo‘nmas bilan qoplangan oxiri – poyoni yo‘q o‘tloqlardan o‘tadi, bu pampaslarning uchinchi qismidir.
Glenarvan otryadi Kordiler daralaridan chiqishi bilanoq bu yerlarda «medanos» deb ataladigan qum tepalarga duch keldi. Agar bu qum tepalari o‘simliklar ildizi bilan mahkamlanmagan bo‘lsa shamol ularni dengiz to‘lqinlaridek u yoqdan-bu yoqqa hayday beradi. Bu tepaliklarning qumi nihoyatda mayda bo‘lganidan sal shabada tursa ham uchib ketaveradi, ba’zan juda balandlarga ko‘tarilib ketadigan qum quyunlar hosil bo‘ladi. Bu ayni vaqtda ham juda tomoshabop manzara, ham ko‘zning zavoli. Tomoshabopligi shundaki, qirda daydib yurgan quyunlarni kuzatish, ularning bir-biri bilan to‘qnash kelishini, aralashib ketishini, yerga cho‘kishini, so‘ng yana boshi-keti yo‘q tartibsizlik bilan ko‘tarilishini tomosha qilish juda qiziq; ko‘zning zavoli ekanining sababi shundaki, ko‘chib yurgan bu son-sanoqsiz medanoslarning juda mayda zarralari ko‘zingni qancha qattiq yumsang ham ichiga kirib oladi.
Shimoldan esgan shamol qo‘zg‘agan bu quyunlar deyarlik kun bo‘yi davom etdi. Shunga qaramay otryad tez ilgarilab bordi, shuning uchun kechqurun soat oltilarga borib, qirq milcha orqada qolib ketgan Kordiler tog‘lari oqshomgi tuman orasida bilinar-bilinmas qorayib ko‘rina boshladi.
O‘ttiz sakkiz mil yo‘l bosib anchagina charchagan sayohatchilarimiz dam olish vaqti kelganidan mamnun bo‘ldilar. Ular baland qizg‘ish qoyalar orasidan oqayotgan loyqa suvli, tezoqar Rio-Neukvem daryosi bo‘yida to‘xtadilar. Neukvem daryosini ba’zi geograflar «Ramid» deb, boshqalari esa «Komoe» deb ataydilar, daryo faqat hindularga ma’lum bo‘lgan ko‘llar orasidan oqib keladi.
Bu kecha bilan keyingi kunda hikoya qilib berishga arziydigan biror hodisa yuz bermadi. Hech qanday to‘sqinlikka uchramay, tez ilgarilab bordilar. Tekis yo‘l va mo‘tadil tempe ratura sayohatni juda osonlashtirdi. Lekin, har qalay, tushga yaqin kun isib ketdi, quyosh nurlari badanni kuydira boshladi. Kechki payt janub-g‘arb tomonda ufq qop-qora bulut bilan qoplandi. Bu ob-havoning o‘zgarishidan darak berardi.
Patagoniyalik buni bilmasligi mumkin emasdi, u geografiya olimiga qo‘li bilan ufqning g‘arb tomonini ko‘rsatdi.
‒ Bilaman, – dedi Paganel va o‘z hamrohlariga o‘girilib: – Havo o‘zgaryapti. Biz pampero bilan tanishadiganga o‘xshaymiz, – deb qo‘shib qo‘ydi.
So‘ng darhol pampero – Argentina qirlarida tez-tez bo‘lib turadigan juda quruq janub-g‘arbiy shamol ekanini tushuntirib berdi. Talkav yanglishmadi, kechasi shitob bilan pampero esa boshladi. Faqat bir qavat ponchoga o‘ralib yotgan odamlar uchun bu juda og‘ir mashaqqat edi. Otlar yerga yotdilar, odamlar, esa ular atrofiga to‘p bo‘lib oldilar. Glenarvan bo‘ron yo‘ldan ushlab qolmasa edi, deb tashvishlana boshladi, lekin Paganel o‘z barometriga qarab, uni tinchitdi:
‒ Barometr simobi pastlasha bersa, odatda, pampero uch kun uzluksiz davom etadi. Lekin hozir barometr simobi ko‘tarilyapti, demak, bo‘ron bir necha soat quturadi-yu, bosiladi. Xotirjam bo‘lavering, aziz do‘stim, ertalab yana havo ochilib ketadi.
‒ Siz hamma narsaga javob bera oladigan kitobga o‘xshaysiz-a, Paganel, – dedi Glenarvan.
‒ Men rostdan ham kitobman, – deb javob berdi Paganel, – istaganingizcha varaqlab o‘qishingiz mumkin.
Kitob xato qilmadi: kechasi soat birda bo‘ron birdan tinib qoldi, shundan so‘ng