Mio, bolajonim Mio. Астрид Линдгрен
Читать онлайн книгу.birida tag‘in Nonnoning oldiga mehmonga bordik. Avvaliga uni topa olmadik. Ammo keyin tepalik ortidan u chalayotgan fleytaning ovozi keldi. Nonno sevimli kuyini chalar, uning qo‘y-qo‘zilari sokin o‘tlashardi.
Bizni ko‘rib, fleytani lablaridan oldi va tupurdi.
– Mana, qayerda ekansiz.
Nonno bizni ko‘rganidan mamnunligi shundoqqina yuzidan sezilib turardi. Biz ham fleytalarimizni oldik va uch kishi bo‘lib qadrdon bo‘lib qolgan kuyni chala boshladik. Ijro shu qadar zo‘r bo‘ldiki, bunchalik chiroyli kuy chalishni qayerdan o‘rganganimizga aqlim bovar qilmasdi hatto.
– Afsuski, musiqamizni hech kim eshitmadi, – xo‘rsindim men.
– Bizni maysalar tinglashadi, – dedi Nonno. – Gullar, shamol. Daraxtlar ham. Jilg‘a bo‘yidagi qaddi egik majnuntollarning tinib qolishganini ko‘ryapsanmi?
– Nahotki bu rost? – so‘radim men. – Ularga kuyimiz yoqadimi?
– Juda yoqadi, – javob berdi Nonno.
Daraxtlar, maysalar, gullar va shamol uchun yana uzoq vaqt musiqa chaldik. Lekin odamlardan hech kim bizni tinglamayotgani meni xafa qilardi. Shunda Nonno aytib qoldi.
– Xohlasang, biznikiga boramiz va buvijonimga chalib beramiz.
Hamma ertaklarda ham mehribon va oqko‘ngil bobo hamda buvilar bo‘lishadi. Lekin haqiqiy buvijonni umrimda ko‘rmagandim. Oldinda Yum-Yum, Nonno va men, ortimizdan qo‘y-qo‘zilar va Miramis kelishardi.
Fleyta chalgancha tepalik va vodiylardan o‘tardik. Qo‘ylar va qo‘zichoqlarga, aftidan, bu quvnoq sarguzasht xush kelayotgandi: butun yo‘l bo‘yi ular atrofimizda o‘ynoqlab sakrashar, ma’rashardi.
Uzoq yo‘l bosdik. Nihoyat, Nonnoning uyi ko‘rindi. Uy xuddi o‘yinchoqdek chiroyli, mittigina, tomiga poxol yopilgan, yasmin, nastarin gullariga burkangan bir go‘sha edi.
– Tsh-sh… – pichirladi Nonno. – Kelinglar, buvimni qo‘rqitamiz!
Nonno, Yum-Yum va men deraza oldida saflandik.
– Bir, ikki, uch! – buyruq berdi Nonno. Ayni lahzada shu qadar sho‘x kuy chala boshladikki, hatto qo‘y-qo‘zilar ham raqsga tusha ketishdi. Darchadan istarasi issiq nuroniy kampir ko‘rindi. Bu Nonnoning buvisi edi. Qo‘llarini yozib raqs tusharkan, dedi:
– Oh, qanday ajoyib kuy! Kampir ertaklarda bo‘lgani kabi nihoyatda qari edi. Ammo u to‘qima emas, haqiqiy kampir.
Ichkariga kirdik. Kampir bizdan tanovul qilishni istaysizmi, deb so‘radi. Istagandaki! Axir yo‘lda qornimiz juda ochgandi-da. Kampir qora non olib kelib, pichoq bilan qalin bo‘laklarga bo‘ldi. Ko‘rinishi odatiy qora non, lekin mazasini hech narsa bilan taqqoslab bo‘lmaydi.
– Qanday mazali! – dedim Nonnoga. – Bu qanaqa non?
– Oddiy qora non, – javob berdi cho‘pon bola. – Non – rizq-ro‘zimiz. Har kuni shu non bilan qornimizni to‘ydiramiz.
Miramis ham biz bilan ovqatlanishga qarshi emasdi. U darchadan boshini kirgizib, ohista kishnadi. Uning qilig‘iga hammamiz kuldik. Nonnoning buvisi esa Miramisni yengil shapatilab, mazali nondan uzatdi.
Juda ham chanqagandik va bu haqda Nonnoga aytdim.
U bizni zilol suvli buloq qaynab turgan bog‘ga boshlab bordi. Nonno pastga tushib, eski yog‘och idishga suv oldi va Yum-Yum ikkimizga uzatdi. Umrimda bunday shirin suvni ichmagandim.
– Buncha totli! – dedim Nonnoga. – Bu qanday suv?
– Oddiy suv, – javob berdi Nonno. – Har kuni chanqog‘imizni qondiramiz bu suv bilan.
Miramisning ham suv ichgisi keldi. Biz tulpor bilan birgalikda qo‘y-qo‘zilarni ham sug‘ordik.
Nonnoning qo‘ylarni olib, yaylovga qaytadigan vaqt bo‘lgandi. Cho‘pon bola buvisidan odatda qo‘ylar bilan yaylovda tunaganda kiyadigan cho‘ponlar kiyimini so‘radi. Kampir esa unga jigarrang kamzulni keltirib berdi. Nonno qanday omadli! Yolg‘iz o‘zi ochiq osmon ostida, dalada tunashi mumkin. Bunday baxt menga umuman nasib etmagandi. Benka va ota-onasi chinakam sayyohlardek shahar tashqarisini velosipedlarda aylanishardi. O‘rmonning qaysidir chekkasiga borib, chodir tikishlari, uxlash uchun mo‘ljallangan qoplarni to‘shab, tunni o‘sha yerda o‘tkazishlari mumkin edi. Benka dunyoda bundan ortiq rohat yo‘qligini aytgandi. Men esa unga ishonardim.
– Omading bor ekan! – dedim Nonnoga. – Ochiq osmon ostida tunashing mumkin.
– Senga kim xalal beradi? – so‘radi u. – Yur, men bilan!
– Yo‘q! – rad etdim men. – Kechqurun uyga qaytmasam, otamni xavotirga qo‘yaman.
– Men qirolga Nonno bilan yaylovda tunashingiz haqida xabar berishim mumkin, – dedi Nonnoning buvisi.
– Mening otamga ham, – iltimos qildi Yum-Yum.
– Mayli, bog‘bonni ham xabardor qilaman, – rozi bo‘ldi kampir.
Yum-Yum bilan shunday xursand edikki, qo‘zichoqlar kabi o‘ynoqlab, sakrardik.
Kampir bizga qarab, bosh chayqadi:
– Shudring tushsa, muzlab qolasiz! – to‘satdan yuzi jiddiy tus oldi. – Menda yana ikkita kamzul bor.
U uy burchagida turgan sandiqni ochdi va qizil hamda moviy rangli kamzulni oldi.
– Aka-ukalarimning kamzullari! – sekin dedi Nonno.
– Ular qayerda? – so‘radim men.
– Ritsar Kato! – pichirladi Nonno. – Yovuz ritsar Kato ularni asirga olgan.
Ushbu so‘zlardan so‘ng tashqarida turgan Miramis shunday ayanchli kishnadiki, go‘yo kimdir urgandek. Qo‘zichoqlar onalarining pinjiga tiqilishdi. Qo‘y va qo‘chqorlar xuddi so‘nggi daqiqalarini yashayotgandek tahlikali ma’radilar. Kampir menga qizil, Yum-Yumga moviy kamzulni uzatdi. Nonnoga yana bir qora non, chanqog‘imizni qondirishimiz uchun ko‘zada buloq suvidan berdi va biz yana qir-adirlar bo‘ylab yo‘lga otlandik. Do‘stim Nonnoning aka-ukalari boshiga tushgan ko‘rgilik meni xafa qildi. Nonno aytgan gaplar qanchalik qayg‘uli bo‘lmasin, baribir birinchi marta ochiq osmon ostida tunashim mumkinligidan xursand edim.
Biz majnuntol aksi jilg‘a suvida akslanib turgan tepalik etagida to‘xtadik. Katta gulxan yoqdik, qora nondan yedik, buloq suvidan miriqib ichdik.
Tezda tuman tushdi. Zulmat quyuqlashdi. Ammo gulxan atrofi issiq va yorug‘ edi.
Kamzullarni yoyib, bir-birimizning pinjimizga kirib yotib oldik. Atrofimizni qo‘y-qo‘zilar o‘rab olgan, nariroqda Miramis o‘t chimdirdi. Shamolda shitirlayotgan o‘tlarning ovozi eshitilar, gulxan shu’lasi sokin dalani yoritayotganini tomosha qilish huzurli edi. Juda-juda ko‘p gulxanlarning shu’lasi ko‘zga tashlanardi. Axir Yashil Dalalar Orolidagi cho‘ponlar har kuni gulxan yoqishadi. Maysa ustida yotgancha shu’lalarni tomosha qilib, cho‘ponlarning ko‘hna ohangiga quloq tutardik.
Samoda yulduzlar charaqlay boshladi. Ulardan kattaroq va yorqinroq yulduzlarni hech qachon ko‘rmagan edim. Chalqancha yotib oldim. Yulduzlarga termilarkanman, ular haqida o‘ylay boshladim. Qiziq, yulduzlarga ham musiqa yoqarmikan? Bu haqda Nonnodan so‘radim va albatta, ularga ham musiqa yoqadi, degan javob oldim. Shunda gulxan atrofiga o‘tirib oldik va yulduzlar uchun o‘zimizning cho‘ponlar kuyini chala boshladik.
Ertakchi quduq
Dengiz Orti O‘lkasi va Tog‘lar Orti Yurtini ko‘rish hali nasib etmagandi. Bir kuni otam bilan bog‘da aylanarkanman, tulporim bilan Tonggi Yog‘du ko‘prigidan o‘tishga ijozat so‘radim. Qirol-otam qadamlarini sekinlatib, yuzlarimni kaftlari orasiga oldi. Jiddiy va muloyim nigoh bilan ko‘zlarimga boqdi.
– Bolajonim Mio! – dedi otam. – Qirolligimda istagan tomoningga borishing mumkin. Xohla, shimol-u janubga, xohla, g‘arb-u sharqqa bor. Miramisning kuchi yetadigan masofagacha ot choptir. Yashil Dalalar Orolida o‘ynashing, yoki Dengiz Orti O‘lkasi va Tog‘lar Orti Yurtiga