Suv ostida sakson ming kilometr. Жюль Верн
Читать онлайн книгу.ish bitmagan-ku – ularni yig‘ish, montaj qilish kerak bo‘lgan-ku.
– Men okean o‘rtasida yo‘qolib ketgan va odam yashamaydigan bir orolda verf49qurib oldim. U yerda men o‘rgatgan ishchilar, sodiq do‘stlarim o‘zimning kuzatuvimda «Nautilus»ni yig‘ishdi. Kema yig‘ib bo‘lingach, olov bizning oroldagi barcha izlarimizni yo‘q qilib tashladi. Agar qo‘limdan kelganida, orolchani portlatib yuborardim.
– Kema sizga juda qimmatga tushgan bo‘lsa kerak?
– Oddiy temirdan yasalgan kema vaznining har bir tonnasi taxminan bir yuz yigirma besh ming frankdan tushadi. Mening «Nautilus»imning og‘irligi bir ming besh yuz tonna. Demak, u asbob-uskunalari bilan kamida ikki million frank turadi, unda saqlanayotgan kolleksiyalar va san’at buyumlarini qo‘shib hisoblaganda to‘rt-besh million frankdan kam emas.
– Ruxsat bersangiz, yana bir so‘nggi savol, kapitan?
– So‘rang, professor.
– Siz juda boymisiz?
– Men juda boyman, hatto Fransiyaning o‘n milliardli davlat qarzini sira qiynalmay to‘lashim mumkin va bu bilan boyligim kamayib, kambag‘allashmasdim ham.
Men bu g‘alati odamga tikilib qoldim. U mening soddadillik bilan ishonayotganimdan foydalanmayotganmikin? Buni kelajak ko‘rsatishi kerak edi.
O‘n to‘rtinchi bob
«QORA DARYO»
Yer kurrasining uch yuz oltmish bir million kvadrat kilometri suvdan iborat. Bu suvning hajmi bir ming uch yuz yetmish million kub kilometrga tengdir. Demak, yer yuzidagi suvning vazni bir ming uch yuz yetmish kvintillion tonnadir.
Bu sonning naqadar kattaligini idrok etish uchun shu narsani bilish kerakki, milliard oldida bir qanchalik kichik raqam bo‘lsa, kvintillion oldida milliard ham shunchalik ushoq sondir yoki boshqa so‘z bilan aytganda, milliardda qancha bir bo‘lsa, kvintillionda shuncha milliard bor.
Yer yangi paydo bo‘lgan kunlarda olov davridan so‘ng suv davri boshlangan. Boshda okean butun yer yuzini qoplagan edi. Keyinchalik, asta-sekin siluriy davrida, tog‘larning paydo bo‘lish jarayoni boshlandi. Okeandan tog‘ uchlari chiqdi. So‘ng orollar paydo bo‘ldi; ular suv toshqinlari natijasida yana yo‘qoldi, so‘ngra yana paydo bo‘lib, mustahkamlandi va qit’alarni vujudga keltirdi; nihoyat quruqlik biz hozir ko‘rib turgan holga keldi. Quruqlik suvdan bir yuz qirq million olti yuz ming yetti kvadrat metr joyni tortib oldi.
Qit’alarning joylashishiga qarab yer yuzidagi suvni besh asosiy qismga bo‘lish mumkin:
Shimoliy Muz okeani,
Janubiy Muz okeani,
Hind okeani,
Atlantika okeani va
Tinch okean.
Tinch okean shimoldan janubga har ikki qutb doirasi orasida va g‘arbdan sharqqa Osiyo bilan Amerika o‘rtasidagi uzunlikda bir yuz qirq besh gradus joyni egallab yotibdi. U okeanlar ichida eng osoyishtasi; u vazmin, salobat bilan oqadi va unda suv ortiqcha ko‘payib, kamayavermaydi, shu bilan birga seryog‘indir. Mening odatdan tashqari sayohatim ana shunaqa okeandan boshlandi. – Istasangiz, professor, – dedi menga kapitan Nemo, – qayerda turganimizni – qayerdan sayohatga chiqib ketayotganimizni aniqlab olishimiz mumkin. Hozir soat chorakam o‘n ikki. Men hozir «Nautilus»ga zudlik bilan okean sathiga ko‘tarilishini buyuraman. Shu so‘zlarni aytib, kapitan elektr qo‘ng‘iroq tugmachasini uch marta bosdi. Nasoslar rezervuarlardagi suvni siqib chiqara boshladilar. Manometr mili harakatga kelib, siferblat bo‘ylab yuqoriga chiqib, bosim tobora kamayib borayotganini ko‘rsatardi. Nihoyat, u nolga kelib to‘xtadi. – Biz suv sathiga ko‘tarildik, – dedi kapitan Nemo. Men markaziy trap tomon yurib, uning temir zinapoyalaridan yuqoriga ko‘tarildim va ochiq lyukdan «Nautilus» palubasiga chiqdim. U suvdan sakson santimetrcha chiqib turar edi. «Nautilus»ning urchuqsimon korpusi darhaqiqat uzun sigarani eslatar edi. Men uning ustki qoplamasi yerdagi o‘rmalovchilarning badani singari tangachasimonligiga e’tibor berdim. Barcha kemalar «Nautilus»ni dengiz maxluqi deyishlarining sababini endi tushundim.
«Nautilus» korpusida yarim berkitilgan qayiq palubaning o‘rtasida uncha katta bo‘lmagan do‘nglik hosil qilgan edi. Kema tumshug‘i va quyrug‘ida devorlari qiya, uncha baland bo‘lmagan, qalin qabariq billur oynali ikkita kabina do‘ppayib turardi. Old tomonda «Nautilus» rul boshqaruvchisi uchun hujra, orqada yo‘lga yog‘du sochadigan yorqin elektr projektor bor edi.
Dengiz juda ajoyib, osmon tiniq edi. Uzun kema keng okean to‘lqinlarida bilinar-bilinmas chayqalardi. Sharqdan esayotgan yengil shabada suv sathini jimirlatar edi. Tiniq, ko‘zga yaqqol tashlanib turgan ufq atrofni bemalol kuzatish imkonini berardi.
Dengiz sathi tamoman bo‘m-bo‘sh edi. Na orolcha, na qoya ko‘rinardi. «Avraam Linkoln» ham ko‘rinmas edi.
Bizni bepoyon, ulug‘vor bo‘shliq o‘rab olgan edi.
Kapitan Nemo peshinda ko‘zlarini sekstantga50 tikdi va quyoshning balandligini aniqladi – bu unga joyning kengligini bildirardi. Kuzatayotganida uning biror muskuli ham qimir etmas va sekstant marmar haykal qo‘lida ham shunchalik qimirlamay turmas edi.
– Peshin bo‘ldi, – dedi u. – Professor, pastga tushsakmikin?
Men dengizga so‘nggi marta nigoh tashladim. Uning suvi sarg‘ishroq bo‘lib, bu Yaponiya sohillariga yaqinlashayotganimizdan dalolat berar edi.
Shundan so‘ng kapitanning ketidan salonga tushdim.
U yerda kapitan Nemo xronometr vositasida joyning uzunligini aniqladi. O‘zining boyagi burchak o‘lchagich bilan kuzatganidagi hisoblarini tekshirdi va «Nautilus»ning qayerda turganini kartada belgilab qo‘ydi.
– Janob Aronaks, – dedi u, – biz g‘arbiy uzunlikning 137-gradus 15-minutidamiz.
– Qaysi meridiandan hisoblaganda? – kapitanning javobidan uning millati ma’lum bo‘lib qolarmikin degan umidda shoshilib so‘radim.
– Menda Parij, Grinvich va Vashington vaqtlariga to‘g‘rilab qo‘yilgan har xil xronometrlar bor, – deya javob berdi u. – Ammo sizning sharafingizga men bugun Parij meridianidan foydalandim.
Bu javobdan men hech narsani aniqlab ololmadim. Minnatdorchilik bildirib, ta’zim qildim. Kapitan so‘zida davom etdi:
– Parij meridianidan g‘arbiy uzunlikning 137- gradus 15-minutida va shimoliy kenglikning 30- gradus 7-minutidamiz. Boshqacha qilib aytganda, biz Yaponiya sohillaridan taxminan uch yuz milya masofadamiz. Shunday qilib, bugun, sakkizinchi noyabr peshinda biz suvosti ilmiy-tekshirish ekspeditsiyamizni boshlaymiz. Endi, janob professor, men ishingizga xalaqit bermayman. Men sharqi shimoliy – sharq tomon yo‘l tutishga va suvostiga ellik metr cho‘kishga buyruq berdim. Mana bu katta xaritada kunda bosib o‘tilgan yo‘l belgilab boriladi. Salon butunlay sizning ixtiyoringizda.
Kapitan Nemo ta’zim qilib chiqib ketdi. Men salonda yolg‘iz qolib, xayolga cho‘mdim. Ular meni tinmay «Nautilus»ning kapitani sari yetaklar edi.
Vaqti kelib vatanim yo‘q deb faxr bilan aytayotgan bu odamning millatini bilib olarmikanman? Kim yoki qanday sabab uning qalbida insoniyatga nisbatan nafrat uyg‘otdi? «Jamoatchilik xafa qilib qo‘ygan», tan olinmagan olimlardan birimi yoki Konsel aytganday, o‘z Vatanidan quvg‘in qilingan zamonasining Galiley51i yoinki olim – revolutsionermikin? Bunisini men hali bilmasdim.
Kemasiga tasodifan tushib qolgan meni u mehmondo‘stlik bilan kutib oldi, ammo hayotim uning qo‘lida ekanligini unutmasligimni ta’kidlash uchun bo‘lsa kerak, munosabatlarida iliqlik sezilmas edi. Shu bilan birga ko‘rishish uchun u biror marta ham qo‘lini menga uzatgani yo‘q.
Bir soatlar chamasi men shu xayollarga g‘arq bo‘lib, uning odamni hayajonlantirayotgan sirini bilib olishga intilardim.
So‘ng ko‘zim stol ustidagi xaritaga tushdi. Kapitan Nemo uzunlik va kenglikni belgilagan joyga
49
50
51