Капитан Грант болалари. Жюль Верн
Читать онлайн книгу.ko‘p ekanki, otlarning yemigagina emas, sayohatchilarning tagiga solib yotishiga ham yetdi.
Hamma tayyorgarlik bitgach, Glenarvan, Robert va Talkav o‘z poncholariga o‘ralib, pampaslardagi ovchilarning oddiy to‘shagi – alfafar ustiga cho‘zildilar.
O‘n to‘qqizinchi bob
QIZIL BO‘RILAR
Tun kirdi, yangi oy ko‘rinishidan oldin bo‘ladigan qorong‘u tunlardan biri. Qirni faqat yulduzlargina sal yoritib turardi. Ufqda tumanga ko‘milib, Zodiak yulduzlari76 miltillardi. Guamini daryosi jimgina oqmoqda. Qushlar, sudraluvchilar, jonivorlar – butun tabiat dam olayotir. Bepoyon pampaslar bag‘riga sahro jimligi cho‘kkan.
Glenarvan, Robert va Talkav ham umumdan o‘rnak oldilar: taglariga yumshoq yovvoyi beda yozib, qattiq uyquga ketdilar. Charchab holdan toygan otlar ham cho‘zilib yotib oldi. Faqat haqiqiy zotli ot Taukagina tik turgan holda uxlardi. Tauka uyqudaligida ham uyg‘oqligidagidek qaddini mag‘rur tutardi. U egasining birinchi chaqirig‘i bilanoq qushdek uchib ketishga tayyor turardi. Molqo‘radagi jimjitlikni hech narsa buzmas, zimiston bag‘rida faqat o‘chib borayotgan gulxanning xira shu’lasigina miltillab turardi.
Ammo kech soat o‘nlarda sal ko‘zi ilingan Talkav yana uyg‘ondi. Uning yarim ochiq ko‘zlarida jiddiyat ko‘rindi: Talkav diqqat bilan allanarsaga quloq sola boshladi. Aftidan, u salpal eshitilayotgan sharpani ilib olmoqchi edi. Ko‘p o‘tmay, Talkavning odatda doim xotirjam bo‘lgan chehrasida xavotirlik ko‘rindi. Sayoq hindularning pisib kelayotganini eshitib qoldimikin? Yo qoplonlarning yaqinlashayotganini, yo bo‘lmasa yo‘lbarslarning, daryolar yaqinida uchrab turadigan boshqa yirtqich hayvonlarningmi irillashini eshitib qoldimikin? Bu keyingi taxmin to‘g‘riroq ko‘rindi shekilli, hindu molqo‘ra ichiga uyib qo‘yilgan o‘tin-cho‘pga birrov ko‘z tashlab oldi-da, xavotirligi yana ham ortdi. Haqiqatan ham zaxirada qolgan quruq alfafar gulxanga tashlansa tezlikda yonib tamom bo‘lar, demak, yirtqichlarning shiddatli hujumidan uzoq saqlay olmasdi.
Bunday sharoitda Talkavning nima bo‘lishini kutib yotishdan boshqa chorasi yo‘q edi, shuning uchun kutilmagan xavfning yaqinlashib kelayotganidan uyg‘onib ketgan Talkav har narsaga hozir holda nima bo‘lishini kutib yotdi.
Bir soat o‘tdi. Talkav o‘rnida boshqa odam bo‘lganda atrofdagi jimlikning sira buzilmayotganidan xotirjam bo‘lib, yana uxlab qolgan bo‘lardi. Lekin chet ellik odamlar hech narsa sezmagan bir vaqtda, yerli hinduning o‘tkir tuyg‘usi va tabiiy instinkti xavf yaqinligini sezdi. Talkav diqqat bilan quloq solib, qorong‘uga tikilib qarab yotar ekan, birdan Tauka kishnab yubordi va boshini molqo‘raga kiraverish tomonga burib, burun teshiklarini kergan holda havoni qattiq hidladi. Patagoniyalik irg‘ib o‘rnidan turdi.
– Tauka dushmanni payqadi, – deb o‘zicha po‘ng‘illaganicha ramadadan chiqdi-da, diqqat bilan qirga tikilib qaray boshladi.
Atrof jimjit, lekin qandaydir xavotirli edi. Talkav kurramamellar orasida lip-lip etib, u yoq-bu yoqqa o‘tib yurgan allaqanday soyalarni ko‘rib qoldi. U yer-bu yerda allanarsalar cho‘g‘dek yonib qolardi. Ular bir joyda turmas, g‘ivillab har tarafga surilar, o‘chib qolar, so‘ng yana yonardi. Kattakon ko‘rfaz suvi yuzida allaqanday sirli chiroqlardan tushayotgan shu’lalar o‘ynayapti deb o‘ylash mumkin edi. Chet elli kishi bu o‘chib-yonayotgan cho‘g‘larni pampaslarning ko‘pgina yerida uchrab turadigan yorug‘ qo‘ng‘izlar deb o‘ylashi mumkin, lekin Talkav yanglishmadi, u qanday dushman bilan to‘qnash kelishini angladi. Miltig‘ini o‘qlab, mol qo‘ra og‘zida tayyor holda kutib turdi.
Uzoq kutishga to‘g‘ri kelmadi. Pampaslarda uvlaganga o‘xshash g‘alati tovush eshitildi. Unga javoban karabindan o‘q uzildi, keyin yuzlab yirtqichlar tomog‘idan chiqqandek dahshatli uvullash eshitildi.
To‘satdan uyg‘onib ketgan Glenarvan bilan Robert irg‘ib turdilar.
‒ Nima gap? – deb qichqirdi Robert.
‒ Hindular emasmi? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Yo‘q, – dedi Talkav, – aguarlar.
‒ Aguarlar? – deb qaytarib so‘radi Robert Glenarvanga savol nazari bilan qarab.
‒ Ha, – deb javob berdi Glenarvan, – pampaslarda bo‘ladigan qizil bo‘rilar.
Ular ham miltiqlarini olib, hindning yonida turdilar. Talkav indamay qattiq uvlagan tovushlar eshitilayotgan qir tomonni ko‘rsatdi. Robert beixtiyor bir qadam orqaga tashlandi.
‒ Bo‘rilardan qo‘rqmaysanmi, o‘g‘lim? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Qo‘rqmayman, ser, – deb javob berdi bola dadillik bilan. – Siz bilan birga bo‘lganimda hech narsadan qo‘rqmayman.
‒ Yana ham yaxshi. Aguarlar unchalik xavfli yirtqich emas, bunchalik ko‘p bo‘lmaganda men ularga hech bir e’tibor qilmagan bo‘lardim.
‒ Ko‘p bo‘lsa nima! – dedi Robert. – Biz yaxshi qurollanganmiz. Yaqinlashib ko‘rsinlarchi!
‒ To‘g‘ri, shunday boplaymizki, asti qo‘yaverasan!
Shunday deb, Glenarvan bolani tinchitmoqchi bo‘ldi, lekin o‘zi tunda bostirib kelayotgan bu sonsiz-sanoqsiz yirtqichlardan cho‘chib turardi. Bo‘rilar bir necha yuz bo‘lishi ehtimol, shuning uchun, yaxshi qurollangan bo‘lsalar ham, uch kishining bunchalik ko‘p yirtqichga bas kelishi qiyin edi.
Patagoniyalik «aguar» deganda Glenarvan darhol pampaslarda yashovchi hindular qizil bo‘rilarni shunday deb atashlarini esladi. Tabiatshunoslar bu yirtqichni canis jubatus deb ataydilar. Qizil bo‘rining jussasi kattakon itday keladi, boshi tulkining boshiga o‘xshaydi, yungi to‘q qizil, orqasida dumidan to boshigacha qora yoli bor, qizil bo‘ri juda chaqqon va kuchli yirtqich. Odatda u botqoqliklarda yashaydi, ko‘pincha o‘ljasini suvda ham quvadi. Qizil bo‘ri kunduzi uyasida uxlab, qorong‘u tushishi bilan ovga chiqadi. Ulardan ayniqsa estansiyalarda77 qo‘rqadilar. Och aguar hatto qoramolga ham hujum qiladi va ko‘p mollarni qirib tashlaydi. Qizil bo‘ri yakka uchraganda xavfli emas, lekin och bo‘rilar galasi juda qo‘rqinchli. Och qizil bo‘rilar galasiga uchragandan kuguar yoki qoplonga duch kelgan yaxshiroq, chunki ular bilan yakkama-yakka olishish uncha qiyin emas.
Pampaslardan eshitilayotgan uvlash va qirda yugurib kelayotgan soyalarning ko‘pligini ko‘rib, Guamini bo‘yida yuzlab qizil bo‘rilar yig‘ilganiga Glenarvanning shubhasi qolmadi. Bu yirtqichlar mol qo‘rada o‘lja – ot va odam go‘shti borligini sezib, har biri o‘z iniga shu mazali go‘shtdan biror parcha olib ketishning payiga tushgandi. Ahvol juda ham xatarli.
Bo‘rilar borgan sari yaqinlashib kela boshladilar. Uyg‘onib ketgan otlarni dahshat bosdi. Faqat Taukagina tizginni uzib, qirga qochishga urinar va zo‘r berib yer tepinardi. Talkav to‘xtovsiz hushtak chalib, uni tinchlantirishga harakat qildi. Glenarvan bilan Robert yirtqichlar hujumini daf qilishga hozirlanib ramada oldiga turdilar. Ular karabinlarini o‘qlab, bostirib kelayotgan aguarlarning birinchi qatoriga qarata o‘q uzmoqchi bo‘lgan edilarki, birdan Talkav indamay qo‘li bilan ularning miltig‘i og‘zini yuqori ko‘tardi.
‒ Talkav nima demoqchi? – deb so‘radi Robert.
‒ Otmanglar deyapti.
‒ Nima uchun?
‒ Hali erta demoqchi, shekilli.
Lekin hindning bunday qilishiga sabab bu emas, boshqa narsa edi. Talkav bo‘shab qolay degan porox xaltasini olib ko‘rsatganda, Glenarvan buning sababini tushundi.
‒ Nima deyapti! – deb so‘radi Robert.
‒ Poroxni tejashga to‘g‘ri keladi. Kechqurungi ov bizga juda qimmat tushdi: porox bilan qo‘rg‘oshinimiz kam qolgan. Yigirma marta ham o‘q uzolmasak kerak.
Bola hech narsa demadi.
‒ Qo‘rqmayapsanmi, Robert?
‒ Yo‘q, ser.
‒ Barakalla, o‘g‘lim.
Shu
76
Zodiak (Qavs, O‘qchi) yulduz turkumlaridan biri bo‘lib, osmonning Janubiy yarim sharida Burgut, Qalqon, Ilon, Ilon eltuvchi, Aqrab, Janubiy Toj, Teleskop, Mikroskop va Jadiy yulduz turkumlari orasida joylashgan (Muharrir izohi).
77
Estansiya – Argentina qirlaridagi katta-katta chorva fermalari (Muallif izohi).