Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз Диккенс

Читать онлайн книгу.

Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари - Чарльз Диккенс


Скачать книгу
– bu, uni biroz och qolishi uchun bir-ikki kun yerto‘lada saqlash, ana shundan keyin bu yoqqa chiqarib, toki shogirdlik muddati tugagunicha faqat yovg‘on bilan boqish. U bema’ni oiladan. Tabiatan salga qizishadigan xilidan, missis Sauyerberi. Enaganing ham, tabibning ham aytishlaricha, onasi har qanday tagli-tugli ayolni allaqachonoq go‘rga tiqadigan to‘sig‘-u azob-uqubatlarga qaramasdan bu yerga sudralib yetib kelgan.

      Mister Bamblning nutqi shu yerga yetganida yana o‘z onasi xususida gapirayotganlarini anglashga kifoya qiluvchi so‘zlarni ilg‘ay olgan Oliver tag‘in jazavaga tushib, eshikni gursillatib tepkilay boshladiki, bu shovqin jamiki boshqa ovozlarni bosib ketdi.

      Ayni ana shu ahvol tang pallada mister Sauyerberi qaytib qoldi. Har ikkala xonim o‘z fikrlaricha, xo‘jayinning g‘azabini nihoyatda alanglatib yuboradigan lof-u mubolag‘alarni qo‘shib-chatib, Oliverning qilgan jinoyatini yetkazganlarida, u o‘sha zamonoq yerto‘laning eshigini ochdi-yu, o‘zining g‘alayon ko‘targan shogirdini yoqasidan tutgancha surgab chiqdi.

      Oliverning ust-boshi mushtlab-yumdalangan paytlarida tilka-pora bo‘lgandi; beti ko‘kargan, shilingan-tirnalgan; patila-patila sochi peshonasiga tushib turardi. Ammo afti ilgarigidek g‘azabdan cho‘g‘day yonib turardi, yerto‘ladan surgab chiqqanlarida u Noega yeb yuborguday o‘qraydi, chamasi, zarracha qo‘rqmagan ko‘rinardi.

      – Barakalla, qoyil yigit ekansan! – deb qo‘ydi Sauyerberi Oliverni silkib, tarsaki bilan siylarkan.

      – U onamni so‘kdi, – javob berdi Oliver.

      – So‘kkan bo‘lsa, osmon uzilib yerga tushibdimi, ko‘rnamak, yaramas maxluq?– bobilladi missis Sauyerberi. – O‘sha onang bu nima degan bo‘lsa, shunga munosib, hatto buyam kamlik qiladi.

      – Yo‘q, munosibmas bunga, – dedi Oliver.

      – Ha, bahosi shu, uning, – dedi missis Sauyerberi.

      – Yolg‘on bu! – qichqirdi Oliver. – Yolg‘on!

      Missis Sauyerberining ko‘zlaridan duvva yosh yumaladi.

      Ana shu ko‘z yoshlar seli mister Sauyerberini haqni nohaqdan ajratish imkoniyatidan mahrum etdi. Mabodo, u Oliverni oilaviy nizolar paytidagi taomilning barcha jihatlariga muvofiq qattiq jazolash xususida loaqal bir daqiqagina ikkilanib qolganida bormi, bunday mojarolarni ko‘raverib ko‘zi pishib ketgan kitobxon uning shubhasiz ta’na-dashnomlar yomg‘iri ostida qolishi, erkaklik sha’nini tahqirlovchi hayvon, maxluq va shu kabi talay haqoratomuz laqablar qalashtirib tashlanishi, qalashtirib tashlanganda ham barini mazkur bobda sig‘dirib bo‘lmay qolishi tayin ekanini tushunadi. Tan bermoq kerak: xonadon boshlig‘i sifatida uning bolaga shafqat qilishga moyilligi yo‘q emasdi, ehtimol, bu o‘z manfaatiga javob bergani uchundir, ehtimolki, xotini Oliverni yomon ko‘rishi sabablidir. Biroq xotinining shashqator ko‘z yoshi uni nochor ahvolga solib qo‘ydi-yu, oqibatda u Oliverni shunday do‘pposladiki hatto missis Sauyerberining ham ko‘ngli joyiga tushdi, mister Bamblga esa hassasini ishga solishining o‘rni ham, hojati ham qolmadi. To qosh qoraygunicha Oliver nasos hamxonaligida bir burdagina nonga qanoat qilib qaznoqda qamalib o‘tirdi, oqshom qo‘ngach, missis Sauyerberi eshik orqasida turib, onasi sha’niga mutlaqo yopishmaydigan qator noshoyon gaplarni aytdi, so‘ngra – bu vaqt ichida Noe bilan Sharlott uning ustidan kulib, masxaralashni qo‘ymadilar – yuqoriga, faqirona to‘shagi joylashgan yerga chiqishni buyurdi.

      Oliver tobutsozning suv quyganday jimjit va osuda zimistonlik chulg‘agan do‘konida tanho qolgachgina bunday mash’um kundan so‘ng, hatto murg‘ak go‘dakning qalbida ham uyg‘onishi mumkin bo‘lgan his-tuyg‘ularga erk berdi. U achchiq tanbeh-u koyishlarni nafrat-la eshitdi, u qamchi zarbalariga g‘iring demay chidadi, zotan, uning qalbi hatto tanini o‘tda qovurganlari taqdirda ham so‘nggi nafasigacha miq etmaslikka majbur qiluvchi g‘ururga to‘lgandi. Lekin mana endi, uni hech kim ko‘rmayotgan va eshitmayotgan paytda Oliver tiz cho‘kdi-yu, ko‘z yoshiga erk berdi, bunchalik yosh to‘kish uchun u tengi go‘daklardan kamdan-kamida (baxtimizga xalloqi olam biz, osiy bandalariga in’om etadigan) asos-sabablari bordir.

      Oliver shu holatda uzoq turib qoldi. U o‘rnidan turganida sham deyarli shamdonga taqalguncha yonib bitayozgan edi. U ehtiyotkorlik bilan atrofga alanglab, hushyorlik-la quloq solgancha, astagina eshikni ochib, ko‘chaga mo‘raladi.

      Ayozli, zim-ziyo tun edi. Bolaning nazdida osmondagi yulduzlar odatdagidan balandroq tuyuldi; tiq etgan shamol yo‘q, shu bois daraxtlarning yerga tushib turgan qop-qora ko‘lankasi aniq-tiniq hamda jonsiz ko‘rinar – zotan, ular qilt etmasdi. U eshikni sekingina yopdi. Yonib bitayozgan shamning shirava yorug‘ida uncha-muncha kiyimini ro‘molchaga tugdi-da, xarrakka o‘tirib, tong otishini kuta boshladi.

      Ilk quyosh nurlari darchalarning yoriq-tirqishlaridan ichkariga mo‘ralay boshlashi bilanoq Oliver o‘rnidan turib, yana eshik lo‘kidonini surdi. Tevarakka cho‘chibgina ko‘z yugurtirib, bir nafasgina ikkilanib turgach, eshikni berkitdi-yu, o‘zini ko‘chada ko‘rdi.

      U qayoqqa qarab yugurishini bilmay avval o‘ngga qaradi, so‘ng so‘lga. Shunda odatda shahardan chiqib ketayotgan aravalarning asta tepalikka ko‘tarila borishi esiga tushib qoldi. Bola ana shu yo‘lni tanladi, dalani kesib o‘tib, nariroqda tag‘in katta yo‘lga tutashadigan so‘qmoqqa yetgach, o‘shanga burildi-yu, jadal ilgarilay ketdi.

      Fermadan mehnat uyiga yetaklab kelayotganida mister Bamblning yonida yo‘rg‘alagancha xuddi ana shu so‘qmoqdan yugurgilab borgani Oliverning yaxshi esida. Bu so‘qmoq naq o‘sha bog‘ hovlining yonginasidan o‘tadi. Shuni o‘ylarkan, uning yuragi gurs-gurs tepib, oz bo‘lmasa orqasiga qaytayozdi. Biroq u allaqancha yo‘lni bosib qo‘ygan, orqasiga qaytsa ancha fursatni boy berardi. Buning ustiga hali juda barvaqt, o‘zini ko‘rib qolishlaridan xavotirlanishiga asos ham yo‘q edi. Xullasi kalom, u olg‘a odimlayverdi.

      Mana, bog‘ hovli yoniga yetdi. Aftidan, bunday barvaqt pallada u yerda istiqomat qiluvchilarning bari hali uyquda edi chog‘i. Oliver to‘xtab, boqqa qaradi. Bir bolakay jo‘yakda o‘toq qilayotibdi; Oliver to‘xtaganida u za’faronday yuzchasini ko‘tardi – bu uning ilgarigi o‘rtoqlaridan biri ekan. Oliver uni bu yerdan jo‘nab ketar oldida ko‘rganiga suyundi: bola undan kichikroq edi, lekin Oliver u bilan inoq yashar va ko‘pincha birga o‘ynashardi. Necha-necha martalab ikkovlarini qo‘shaloq qilib urishgan, och qo‘yishgan, birga qamab qo‘yishgan edi.

      – Sekinroq, Dik! – dedi Oliver bola chopgancha eshik oldiga kelib, u bilan ko‘rishgani kergilar orasidan qiltiriq qo‘lchasini uzatarkan. – Hali hech kim turgani yo‘qmi?

      – Mendan boshqa hech kim, – javob berdi bola.

      – Dik, meni ko‘rganingni aytma, – dedi Oliver. – Men qochdim. Meni urib, xafa qilishdi, shuning uchun baxtimni bu yerlardan uzoqroqdan qidirmoqchiman. Lekin qayerdanligini o‘zim ham bilmayman. Namuncha ranging oqarib ketibdi?

      – Doktor meni, o‘ladi, deganini o‘z qulog‘im bilan eshitdim, – dedi bola xiyolgina jilmayib. – Seni ko‘rganimdan xursandman, endi bor, tezroq keta qol!

      – Yo‘q, sen bilan xayrlashmoqchiman, – dedi Oliver. – Biz hali tag‘in ko‘rishamiz, Dik. Bilaman, albatta ko‘rishamiz! Sen sog‘ayib ketasan, baxtli bo‘lasan hali!

      – Qaniydi, – javob berdi bola. – O‘lganimdan keyin shunday bo‘ladi. Bilaman, Oliver, doktor to‘g‘ri aytgan, nimaga desang, tez-tez osmon farishtalari, keyin sira-sira ko‘rinmaydigan mehribon yuzlar tushimga kiradi. Meni o‘p, – dedi bola pastak eshikka tirmashib chiqib, qo‘lchalari bilan Oliverning bo‘ynidan quchoqlagancha. – Xayr, o‘rtoqjon! Xudo yor bo‘lsin senga.

      Bu oq yo‘l murg‘ak go‘dakning lablaridan uchgandi, biroq Oliver o‘ziga oq yo‘l tilaganlarini birinchi bora eshitayotgan edi va u bundan buyongi kurashlar, iztiroblar, buzg‘unchi taqdirning makr hamda bevafoliklari-yu musibatlarga to‘liq hayoti davomida hech qachon unutmaydi buni.

      SAKKIZINCHI BOB

      OLIVERNING LONDONGA YO‘L OLGANI-YU, YO‘LDA G‘ALATI BIR YOSH JENTLMENNI UCHRATGANI

      Oliver so‘qmoqning boshiga


Скачать книгу