Suv ostida sakson ming kilometr. Жюль Верн
Читать онлайн книгу.bo‘lganiga qaramay, men sharq tomonda qandaydir qora bir narsani ko‘rdim. Turli belgilarni ifodalovchi chiroqlariga ko‘ra uzoqlashayotgan edi. Bu kema edi. Tamom bo‘lganimni tushundim.
– Bu yoqqa, bu yoqqa! – deb qichqirdim men kemani quvib yetishga harakat qilib.
Ust-boshimni siqa boshladim. Ho‘l kiyim badanimga yopishib, harakat qilishga yo‘l bermas edi. Nafasim tiqilib, cho‘ka boshladim…
– Yordam bering!
Bu mening so‘nggi bor qichqirishim edi. Cho‘kayotganimni sezib, jonholatda suvni shaloplata boshladim.
To‘satdan kuchli bir qo‘l yoqamdan ushladi-yu, bir siltab meni suv yuziga tortib chiqardi. Qulog‘im ostida aytilgan mana bu so‘zlarni eshitdim:
– Agar xo‘jam yelkamga tayanishni lozim topsalar, ancha yengil suza oladilar. Men sadoqatli Kon-selning qo‘lidan ushladim.
– Bu senmisan?! – xitob qildim men. – Senmisan?!
– Ha, bu men, – deb javob berdi Konsel. – Xo‘jamning xizmatlariga hamisha tayyorman.
– Demak, o‘sha silkinishda sen ham menga o‘xshab dengizga uchib ketgan ekansan-da?
– Yo‘q. Ammo janob professorning xizmatlarida bo‘lganim uchun, izlaridan borishni burchim deb bildim.
Bu ajoyib odam qilgan oliyjanobligini tabiiy bir hol deb tushunar edi!
– Kema-chi?
– Kema? – qayta so‘radi Konsel yelkasiga ag‘darilib. – Menimcha, xo‘jam uning yordamiga umidvor bog‘lamaganlari ma’qul.
– Nega?
– Shuning uchunki, men o‘zimni suvga tashlayotganimda qorovulda turgan matros: «Vint bilan rul sindi!» deb qichqirdi.
– Sindi?
– Ha, narvalning tishi sindirdi. «Avraam Linkoln»ga yetgan shikast shuning o‘zi shekilli. Ammo baxtimizga qarshi, u o‘zini boshqarolmay qoldi.
– Demak, halok bo‘libmiz-da?
– Bo‘lishi mumkin, – bamaylixotir javob berdi Konsel. – Ammo bizning ixtiyorimizda bir necha soat bor, shu bir necha soat ichida esa ko‘p ish qilsa bo‘ladi.
Konselning vazminligi va sovuqqonligi meni ruhlantirib yubordi. Men jonliroq suza boshladim. Biroq kiyimlarim harakat qilishga hamon xalaqit berib, pastga tortar edi.
Konsel buni sezdi.
– Xo‘jam ruxsat bersalar, ust-boshlarini kesib yechardim.
Men uning suv sathida turishiga ko‘maklasha yotganimda pichoq bilan ust-boshimni yuqoridan pastga kesib, yechib tashladi. O‘z navbatimda men ham Konselning ust-boshini xuddi shu yo‘l bilan yechib tashladim. Shundan so‘ng biz yana yonma-yon suza boshladik.
Ammo shuning o‘zi bilan mushkulimiz oson bo‘la qolgani yo‘q. Bizning yo‘qolganimizni hech kim sezmay qolishi mumkin, bordi-yu, sezishganlarida ham baribir vint va rulsiz kema shamolga qarshi biz tomon kelolmaydi. Binobarin, faqat kapitan Faragut qayiq yuborishidan umidvor bo‘lishimiz mumkin edi.
Biz shu qarorga kelgach, suv sathida mumkin qadar uzoqroq turishga qaror qildik. Har ikkalamiz baravar holdan toymaslik uchun birimiz chalqancha yotgancha qo‘lni qovushtirib, dam olayotganda, ikkinchimiz itarib borishga qaror qildik. Har o‘n minutda almashib turishimiz kerak edi. Shunday qilganimizda bir necha soat davomida quyosh chiqquncha suv sathida turishimiz mumkin edi.
Qutulishimizga umid kam! Ammo juda nochor holda qolgan paytlarda ham umid qilish insonga xos fazilat-ku, axir.
Kema narval bilan kechqurun soat o‘n birlarga yaqin to‘qnashdi. Modomiki shunday ekan, biz kun chiqqunga qadar qariyb sakkiz soat suv sathida turishimiz kerak. Bu uncha qiyin ish emas.
Dengiz sokin, to‘lqinlanmas edi. Har zamonda zulmat ichida biron narsa ko‘rinarmikan deb alanglardim, biroq atrof bo‘m-bo‘sh, faqat bizning harakatimizdan chayqalgan suvgina yaltirar edi.
Ammo kechasi soat birga yaqin juda qattiq charchadim. Qo‘l va oyoqlarimning tomirlari qattiq tortisha boshladi.
Ikkimizni qutqarish tashvishi Konselninggi-na zimmasiga tushib qoldi. Ko‘p o‘tmay u bechora hansirab, nafas olishi og‘irlasha boshladi. Bu ahvolda uzoqqa borolmas edi.
– Meni o‘z holimga qo‘y! O‘z holimga qo‘y! – dedim unga.
– Xo‘jamni tashlab-a? Hech qachon! – javob berdi mening sadoqatli xizmatkorim. – Bundan ko‘ra o‘zim tezroq cho‘kkanim afzal.
Xuddi shu paytda sharqqa esayotgan shamol qora bulutning bir chekkasini ochdi, oy mo‘raladi. Okeanning sathi uning nurlari bilan birdan yorishib ketdi. Bu sharofatli nur menga qayta kuch bag‘ishladi. Men boshimni ko‘tarib, ufqni ko‘zdan kechirdim.
Kemamizni ko‘rdim – u bizdan besh milya narida edi. Bu masofadan u kichik nuqtaday bo‘lib ko‘rinar edi. Bitta ham qayiq ko‘zga chalinmas edi.
Men yordamga chaqirib qichqirmoqchi edim, ammo shishib ketgan lablarimdan ovoz chiqmas edi.
Konsel qichqirdi:
– Yordam beringlar! Yordam beringlar!
Biroz vaqt quloq solib turdik. Bu nima, boshga qon quyilib kelayotganidan quloqda paydo bo‘lgan shovqinmi yoki chindan ham bizga kimdir javob berdimi?
– Sen eshitdingmi? – shivirlab so‘radim men.
– Ha, ha! Konsel bo‘shliqqa qarab umid bilan qichqirdi. Endi hech qanday shubha qolmadi. Kon-selning qichqirig‘iga kimdir javob qaytardi.
Bu ham bepoyon okeanda yo‘qolgan bizga o‘xshagan allaqaysi baxtiqaroning, kemaga urilgan zarbning yana bir qurbonining ovozimikin? Yoki qorong‘ida ko‘rinayotgan qayiqdan bizni chaqirishdimikin?
Konsel zo‘r berib tayangani holda beligacha suvdan ko‘tarildi: biroq shu zahoti darmonsizlanib chalqanchasiga suvga yiqildi.
– Nimani ko‘rding?
– Men… men… – deya shivirladi u, – … keling, yaxshisi gapirmay, kuchimizni saqlaylik…
U nimani ko‘rdiykin? Negadir shu daqiqada xayolimga bahaybat maxluq haqidagi fikr kelib qoldi…
Shu yerda Konsel meni ilgariga itarib borardi. Har zamonda u boshini ko‘tarib, kimnidir chaqirar edi. Unga o‘sha zahoti allakimning ovozi javob qaytarar edi.
Ammo men uncha yaxshi eshitolmay qoldim. Tamoman holsizlandim; panjalarim beixtiyor changak bo‘lib siqildi, kaftlarim endi menga tayanch bo‘lolmay qoldi; zo‘rg‘a og‘zimni ochdim, u sho‘r suvga to‘ldi; sovuq suyak-suyagimdan o‘tib ketgandi. Men hayot bilan vidolashmoq uchun boshimni so‘nggi bor ko‘tardim…
Shu paytda men allaqanday qattiq narsaga kelib urildim. Unga yopishib oldim. So‘ng meni kimdir suvdan tortayotganini, erkin nafas olayotganimni sezdim va… o‘zimdan ketdim.
Aftidan, tez-tez ishqalashlari tufayli ko‘p o‘tmay o‘zimga keldim.
Ko‘zimni yarim ochdim.
– Konsel! – deya shivirladim.
– Xo‘jam meni chaqirdilarmi? – o‘sha zahoti javob berdi sadoqatli xizmatkorim.
Shu paytda ufqqa yonboshlayotgan oyning so‘nggi nurlarida men boshqa bir tanish qiyofani ko‘rdim.
– Ned Lend! – xitob qildim men.
– Xuddi o‘zi, janob professor. Ko‘rib turganingizday mukofot ketidan quvib yuribman, – javob berdi kanadalik.
– Sizni ham o‘sha zarb dengizga itg‘itdimi?
– Ha, janob professor, faqat mening omadim keldi. Men deyarli o‘sha zahoti suzar orolchaga chiqib oldim.
– Orolchaga?
– Ha. Yoki aniqroq qilib aytganda, o‘sha ulkan narvalingizning ustiga.
– Tushuntiribroq gapirsangiz-chi, Ned!
– Ana