Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз Диккенс
Читать онлайн книгу.yaqinlashib qolishyapti, bolakayning tinkasi quriganini ko‘rib-bilib kelishyapti, bunga sayin battarroq bo‘kirishyapti, suyunganlaridan qiyqirishyapti. «O‘g‘rini ushlanglar!» O‘, Yaratgan haqqi, loaqal rahm-shafqat yuzasidan bo‘lsa-da, ushlanglar uni!
Nihoyat, ushlashdi. Epchillik bilan musht tushirishdi. Mana, u tosh ko‘chada chalpak bo‘lib yotibdi, olomon bo‘lsa qiziqsinib uni qurshab oldi. Keyinroq yetib kelganlar itarishib-turtishib, uni ko‘rgani oldinga intilishyapti. «Chetroq turinglar!» – «Unga havo tegsin sal!» – «Bema’ni gap! Bunga arzimaydi u!» – «Anavi jentlmen qayoqda qoldi?» – «Ana, ana, ko‘chada kelyapti». – «Jentlmenga yo‘l beringlar!» – «Bu o‘sha bolami, ser?» – «Ha».
Eng ildam ta’qibchilar keksa jentlmenni mulozamat bilan boshlab kelib, davra o‘rtasiga itarib kiritganlarida Oliver atrofini qurshab olgan odamlarning aftiga telbanamo nigoh-la javdiragancha, loy-tuproqqa qorilib, og‘zi qop-qora qon bo‘lib yotardi.
– Ha, – dedi keksa jentlmen, – bu xuddi o‘sha bola deb cho‘chib turibman.
– Cho‘chiyotganmishlar! – to‘ng‘illadi kimdir olomon orasidan. – Ko‘ngilchanliklarini qarang-a!
– Sho‘rlikkina! – dedi jentlmen. – Lat yebdi-ku.
– Bu mening ishim, ser! – dedi davangirday beso‘naqay yigit oldinga chiqib. – Mushtumim tishiga tegib chaqa bo‘ldi. Uni men ushladim, ser.
Yigitcha irshaygancha, mehnatiga biron siylov olish umidida shlyapasini ushlab qo‘ydi, biroq keksa jentlmen unga ta’naomuz qarab qo‘ydi-yu, o‘z navbatida xuddi qochib qolishni chamalayotgandek xavotirlanib atrofga alangladi. Basharti, ayni shu soniyada olomonni yorib o‘tib kelgan politsiyachi (odatda bunaqangi paytlarda u eng oxirida yetib keladi) Oliverning yoqasidan olmaganida, qariya shu niyatini amalga oshirishi va yangitdan ta’qib boshlanishi ehtimoldan yiroq emasdiyov.
– Qani, tur! – o‘shqirdi politsiyachi.
– O‘lay agar, o‘g‘rilagan menmasman, ser. O‘lay agar, bu ikkita boshqa bola! – xitob qildi Oliver alamzadalik bilan qo‘llarini siqimlab, atrofga alanglagancha. – Ular shu yaqin orada bo‘lishi kerak.
– Ular yo‘q bu orada, – dedi politsiyachi. U o‘z so‘zlariga kinoya tusini bermoq niyatida edi, lekin bu so‘zlar haqiqatni ifoda etgandi: Tullak bilan Charli Beyts tuyoqni shiqillatib qolishgan, qulay kelgan birinchi hovli ro‘para bo‘lishi bilanoq quyon bo‘lishgan edi. – Tur deyapman!
– Qo‘ying, xafa qilmang uni! – muloyimgina dedi keksa jentlmen.
– E-yo‘q, uni sirayam xafa qilmayman-da! – javob berdi politsiyachi va so‘zlarining isboti tarzida oz bo‘lmasa Oliverning kamzulini yulqib olay dedi. – Qani yur, seni yaxshi taniyman, bunaqangi nayrangbozlikni bas qil. O‘rningdan turasanmi o‘zi, yo‘qmi, shaytonvachcha?!
Oyog‘ida arang turguday bir ahvoldagi Oliver amal-taqal qilib o‘rnidan turdi, shu zamonoq uni yoqasidan olgancha ko‘chadan surgab ketishdi. Keksa jentlmen politsiyachining yonida borardi, olomon orasidan epchilroqlari bo‘lsa oldinga o‘tib yo‘rg‘alashar ekan, dam-badam o‘girilishib, Oliverga qarab-qarab qo‘yishardi. Bolakaylar tantanavor ohangda qiyqirishar, olomon esa yo‘lda davom etardi.
O‘N BIRINCHI BOB
POLITSIYA HAKAMI – MISTER FENG HAQIDA HIKOYA QILADI VA UL ZOTNING ADOLATLI SUDLOV USULI XUSUSIDA BIR QADAR TUSHUNCHA BERADI
Jinoyat poytaxtning ma’lum-u mashhur politsiya bo‘limi tasarrufidagi joyda sodir bo‘lgan edi. Olomon Oliverni ikki-uch ko‘cha-yu Matton-Xill deb atalmish maskan bo‘ylabgina kuzatib borish halovatiga ega bo‘ldi xolos, keyin uni gumbazsimon pastak qopqadan politsiya sudining iflos hovlisiga olib kirishdi. Bu sahniga tosh yotqizilgan choqqina hovlichada ularni shapaloqday-shapaloqday baroq chakka soqolli, bir dasta kalitni ushlab olgan barvasta erkak qarshi oldi.
– Yana nima gap bo‘ldi? – so‘radi u beparvolik bilan.
– Dastro‘mol ovchisi, – javob berdi Oliverni surgab kelgan kishi.
– O‘zlari, ser, jafo ko‘rgan taraf bo‘ladilarmi? – surishtirdi kalitdor.
– Shunday, – javob qildi keksa jentlmen, – lekin ro‘molchamni xuddi mana shu bola o‘g‘rilaganiga ishonchim komil emas… Meni… menga qolsa bu ishni gazak oldirishni istamasdim.
– Endilikda sudyaning huzuriga kirishdan o‘zga chora yo‘q, – dedi kalitdor. – Janoblari bir nafasdan so‘ng bo‘shaydilar. Kira qol, mitti jinoyatchi.
U shu so‘zlar bilan Oliverni o‘zi ochgan eshikdan g‘ishtin devorli kameraga kiritdi. Bu yerda Oliverni tintib, hech vaqo topisholmagach, eshikni qulflab qo‘yishdi.
Kamera ko‘rinishi va hajmi bilan yerto‘laga o‘xshab ketardi-yu, lekin undan ko‘ra qorong‘iroq edi. U nihoyatda iflos edi; hozir dushanba, ertalab-ki palla edi, shanba oqshomidan beri bu yerga olti mayxo‘r qamab qo‘yilgandi. Lekin bu arzimagan gap. Bizning politsiya bo‘limlarimizda har oqshom erkag-u ayollarni bo‘yniga arzimas bir aybni taqab – bu so‘zlarga urg‘u bersa arzigulik – shunaqangi qamoqxonalarga qamab qo‘yishadiki, sud aybdor deb topib, o‘limga hukm etilgan eng xavfli jinoyatchilar yotadigan Nyuget23 kameralarini bular oldida hashamdor saroy deysiz. Keling, kimki bunga shubha qilsa, ularni o‘zi solishtirib ko‘rsin.
Qulfga solingan kalit shirq atib buralganda keksa jentlmen xuddi Oliver singari ma’yus tortdi. U sodir bo‘lgan butun mashmashaning beixtiyor sababchisi – kitobga xo‘rsiniq bilan murojaat etdi.
– Bu bolakayning chehrasida, – dedi keksa jentlmen asta eshikdan uzoqlashib, o‘ychan bir qiyofada kitob bilan iyagiga urib qo‘yarkan, – bu bolakayning chehrasida yuragimni tirnaydigan va meni qiziqtirib qo‘ygan nimadir bor. U aybsiz bo‘lishi ham mumkin-ku, axir? Yuzi shunaqangi… Ha, darvoqe! – xitob qildi keksa jentlmen va to‘satdan to‘xtab, ko‘kka tikildi. – Ey, Yaratgan egam! Bunaqangi chehrani ilgari qayerda ko‘rgan bo‘lishim mumkin?
Bir necha daqiqalik o‘y surishdan so‘ng keksa jentlmen o‘shanday parishonhol qiyofada hakam-sudyaning xonasi qarshisidagi, hovliga chiqiladigan yo‘lakka chiqib keldi-da, shu yerda, bir burchakka chekinib, talay yillar muqaddam zulmat pardasi chirmagan simolarning uzundan-uzun silsilasini xotira ko‘zgusida jonlantirdi.
– Yo‘q! – dedi keksa jentlmen boshini sarak-sarak qilib. – Bu shunchaki xayol bo‘lsa kerak!
Chol ularni yana bir-bir xayol ko‘zgusidan o‘tkazdi. Ularni yo‘qlik olamidan chaqirib oldi, endi ularni tag‘in shunchalar uzoq yillardan beri yashirib kelgan parda ortiga jo‘natib yuborish oson emasdi. Shu tobda do‘stlarining, g‘animlarining, xiralik bilan olomon orasidan mo‘ralab turgan sal-pal ko‘zga tanish odamlarning qiyofalari saf tortgandi: bu safda hozir qarib-chirigan kampirlarning bir paytlardagi navqiron, gul-gul yashnagan chehralari, o‘lim o‘z muhrini bosgan va qabr bag‘riga olgan chehralar mavjud edi. Ammo o‘lim ustidan hukmdorlik qiluvchi ruh bu chehralarga ilgarigidek husn va malohat hamda tetiklik baxsh etib, xotira ko‘zgusida ularning xoki jismlari qatlaridan nurday sizib chiquvchi ko‘zlari ziyosini, yorqin tabassumlari-yu qalblari yolqinini jonlantirmoqda edi. Arshi a’loga eltguvchi so‘qmoqni mayin-u nozik shu’lasi bilan yoritsin deb, keyin yanada yorqinroq mash’ala bo‘lib porlasin deb, yer izmidan tortib olingan go‘zallik narigi dunyo qa’ridan nimalarnidir shivirlayotibdi.
Biroq keksa jentlmen ular orasidan Oliverning qiyofasiga o‘xshash bironta chehrani topolmadi. U o‘zi tiriltirgan xotiroti bilan chuqur xo‘rsinib vidolashdi-yu (baxtiga u anchayin faromushxotir edi), shu ondayoq ularni go‘yo yana qo‘lidagi sarg‘ayib ketgan kitob sahifalari qatiga dafn etdi.
U kalitdor kiftiga turtib, orqasidan sudyaning xonasiga yurishini taklif etganda o‘ziga keldi. U shosha-pisha kitobni yopdi-yu, salobatli hamda mashhur mister Feng qarshisida hozir bo‘ldi.
Sudyaning bo‘lmasi devorlari yog‘och qoplamali birinchi xonada joylashgan ekan. Mister Feng xonaning to‘rida, panjara to‘siq
23
Nyuget – Londondagi jinoyatchilar qamaladigan markaziy turma. Dikkens «Barnebi Raj» romanida tasvirlangan Londondagi «lord Gordon isyoni» (1780) paytlarida qisman vayron qilingan, so‘ngra ta’mir etilgan, 1877-yili esa yopilgan.