Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз Диккенс

Читать онлайн книгу.

Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари - Чарльз Диккенс


Скачать книгу
ko‘rganlaridami, judayam qayg‘urgan bo‘lardilar, lekin tushimda ko‘rganimda doim baxtiyor va mehribon bo‘ladilar.

      Keksa xonim hech nima demadi; oldin ko‘zlarini, keyin esa adyol ustida yotgan ko‘zoynagini (go‘yo u ko‘zlarining ajratib bo‘lmaydigan bir qismiday) artdi-da, Oliverga allaqanday odamni muzdek qiladigan ichimlik berdi, so‘ngra yuzini silay turib, qimirlamay yotishi zarurligini, yo‘qsa, tag‘in tobi qochib qolishini uqtirdi.

      Oliver qisman bu mehribon keksa xonimning hamma aytganlarini so‘zsiz bajarish, qisman esa, rostini aytganda, hozirgi suhbatdan keyin nihoyatda madori qurigani sababli qimir etmay yotardi. Hademay mudrab ketdi, bir payt to‘shagi yoniga keltirib qo‘yilgan sham shu’lasidan uyg‘onib, qattiq-qattiq chiqqillayotgan kattakon oltin soatni ushlagan ko‘yi o‘zining tomir urishini tekshirayotgan jentlmenni ko‘rdi, u kishi, bola ancha tuzalib qolibdi, dedi.

      – Ancha tuzalib qolding-a, shunday emasmi, bo‘tam? – dedi o‘sha jentlmen.

      – Ha, rahmat sizga, – javob berdi Oliver.

      – Durust bo‘lib qolganingni ko‘rib turibman, – dedi yana o‘sha jentlmen. – Innaykeyin, qorning ham ochqab turibdi-ya, to‘g‘rimi?

      – Yo‘q, ser, – javob qildi Oliver.

      – Hm! – dedi jentlmen. – Ovqat yeging kelmayotganini o‘zim ham bilaman. Uning ishtahasi yo‘q, missis Beduin, – dedi jentlmen donishmandona qiyofada.

      Keksa xonim ehtirom-la bosh egib qo‘yar ekan, bu bilan doktorni g‘oyatda dono odam deb hisoblashini anglatayotganday bo‘ldi. Aftidan, doktorning o‘zi ham shu fikrda edi.

      – Nuqul uyqing kelaveradi, to‘g‘rimasmi, bolakay? – dedi doktor.

      – Yo‘q, ser, – javob qildi Oliver.

      – Shundoq degin! – dedi doktor nihoyatda mamnun hamda zakiyona bir qiyofada. – Seni hadeb uyqu ham bosavermaydi. Keyin, suv ichging ham kelmaydi-ya.

      – Suv ichgim keladi, ser, – javob berdi Oliver.

      – O‘zim ham xuddi shunday deb o‘ylagandim, missis Beduin, – dedi doktor. – Suv ichgisi kelgani judayam tabiiy. Unga ozroqqina choy, keyin yog‘siz bo‘g‘irsoq bersangiz bo‘ladi, xonim. Judayam unaqangi isitib yuboradigan qilib qalin burkab qo‘ymang, illo, ehtiyot bo‘ling, sovqotib ham qolmasin.

      Keksa xonim tiz cho‘kib, ta’zim bajo keltirdi. Doktor tetiklantiradigan ichimlikdan totinib, uni maqtab qo‘ydi-da, shoshilinch chiqib ketdi; u pillapoyadan tushayotganida boshmoqlari qattiq va oliftachasiga g‘archillagani eshitilib turdi.

      Shundan so‘ng hech qancha vaqt o‘tmay Oliver yana mudrab ketdi, uyg‘onganida esa yarim kecha bo‘lib qolgandi. Keksa xonim erkalatib xayrli tun tilab, uni kichkinagina duolar kitobchasi bilan kattakon tungi qalpoq o‘ralgan tugunchasini ko‘tarib, hozirgina kirib kelgan semiz kampirning izmida qoldirib, chiqib ketdi. Kampir qalpog‘ini boshiga qo‘ndirib, duolar kitobchasini stolga qo‘ygach, kechasi unga qarab turgani kelganini aytdi, keyin kursini kaminga yaqinroq surdi-da, uyquga ketdi; uyqusi bo‘lsa dam-badam buzilib turardi, nega deganingizda, xuddi don cho‘qiyotgan tovuqdek boshi munkib-munkib ketar, ihrab-inqillar va pihillardi. Darvoqe, u bundan hech qanaqangi ziyon-zahmat chekmayotgandi, faqat vaqti-vaqti bilan uyg‘onib ketib, burnini qattiq-qattiq ishqab qo‘yardi-da, tag‘in uyquni uraverardi.

      Tungi soatlar imillab o‘tardi. Oliver allamahalgacha qamish sham24 shu’lasi tushib shiftda hosil bo‘lgan va lipillayotgan yorug‘ doirachalarni sanab, yoxud horg‘in nigohi-la devorga yopishtirilgan gulqog‘ozlarning aji-buji rasmlarini tomosha qilgancha uxlamay yotdi. Xonani o‘z og‘ushiga olgan g‘ira-shiralik va osudalik vahimali tantanavorlik kasb etardi. Ular bolaning ko‘ngliga talaygina tun-u kunlar mobaynida bu yerda ajal kezib yurgan, ehtimol, hozir ham uning bu yerda bo‘lganidan dalolat beruvchi dahshatli izi saqlanib qolgandir, degan qutquli fikrni solib turardi: bola yuzini yostiqqa bosganicha, zo‘r berib duo o‘qishga tushib ketdi.

      Axiyri, u yaqinginada chekilgan iztiroblardan keyingina keladigan qattiq va xotirjam, buzish azob beradigan orombaxsh, tinch-u osuda uyquga ketdi. Basharti, o‘lim shunday bo‘ladigan bo‘lsa, yashash uchun kurashmoq, hayotning shu tobdagi jamiki tashvish-g‘amlarini chekmoq, kelajagi tashvishini tortmoq va avvalo, o‘tmishining og‘ir xotirotlarini yodlamoq uchun qaytadan tirilishni kim ham istardi deysiz!

      Oliver ko‘zini ochganida allaqachon tong otib bo‘lgandi; u o‘zini tetik va baxtli his etdi. Kasalning xatarli davri muvaffaqiyatli o‘tib bo‘lgandi. Oliver yana hayotga qayta boshlagandi.

      Oradan uch kun o‘tdi, u atrofiga yostiq qo‘yib kresloda o‘tira oladigan bo‘ldi; lekin hamon kamquvvat bo‘lgani va yura olmasligi sababli missis Beduin – ro‘zg‘or boshqaruvchi – uni pastga, o‘zi turadigan mo‘jazgina xonaga ko‘tarib olib tushdi. Bu yerda uni kamin oldiga o‘tqazib, mehribon keksa xonimning o‘zi ham o‘tirdi-da, bolaning o‘zini yaxshi his qilayotganidan xursand bo‘lib, hazilakamiga yig‘lab olmadi.

      – Menga parvo qilma, bolajonim, – dedi keksa xonim. – Bir yig‘lab yuragimni bo‘shatib olmoqchiman… Mana, bo‘ldi, tamom, mening ham ko‘nglim chiroqday yorishib ketdi.

      – Siz juda, judayam mehribonlik qilyapsiz menga, xonim, – dedi Oliver.

      – Qo‘y-qo‘y, buni kallangdan chiqarib tashla, bolajonim, – dedi keksa xonim. – Sho‘rvangga buni sirayam aloqasi yo‘q, sen bo‘lsang uni allaqachon ichib olishing kerak edi, nimaga desang, doktor mister Braunlouga bugun ertalab seni kirib ko‘rishiga ruxsat bergan, shuning uchun aft-angoring joyida bo‘lishi kerak: rangi ro‘ying qanchalik yaxshi bo‘lsa, u shunchalik xursand bo‘ladi.

      Shunday deya keksa xonim kostryulkadagi talaygina qaynatma sho‘rvani ilitishga kirishdi, sho‘rva shunchalik quyuq va mazali ediki, Oliverning fikricha, bu sho‘rvaga o‘rinlatib suv qo‘shilsa, kam deganda uch yuz ellik qashshoqqa tushlik ovqat o‘rnida o‘tishi mumkin edi bemalol.

      – Sen suratni yoqtirasanmi, bolaginam? – deb so‘radi keksa xonim Oliverning o‘zi o‘tirgan kresloning ro‘parasida, devorda osig‘liq turgan suratga tikilayotganini payqab.

      – Rosti, o‘zim ham bilmayman, xonim, – javob berdi Oliver rasmdan ko‘zini olmay. – Suratni juda kam ko‘rganman, shuning uchun o‘zim ham yaxshi bilmayman. Bu xonimning yuzi judayam chiroyli, muloyim ekan-a!

      – Be-e! – dedi keksa xonim. – Suratkashlar xonimlarni hamisha asldagiga qaraganda chiroyliroq qilib chizishadi,bo‘lmasa hech kim suratini buyurtirmaydi-da, bolaginam. Surat oladigan mashinani o‘ylab chiqargan odam o‘sha mashinasi muvaffaqiyat qozonolmasligining fahmiga yetishi kerak edi. Nega deganingda, u borini, ha, qozonda borini cho‘michga chiqaradi-qo‘yadi, – dedi keksa xonim o‘zining o‘tkir so‘z topganiga chin dildan quvonib.

      – Bu… bu qo‘lda chizilganmi, xonim? – so‘radi Oliver.

      – Ha, – dedi keksa xonim bir nafasgina sho‘rvadan diqqati chalg‘ib, – bu portret.

      – Kimniki, xonim? – so‘radi Oliver.

      – Ochig‘i, bilmayman, bolajonim, – ochiqko‘ngillik bilan javob qildi keksa xonim. – Menimcha, suratdagi bu xonimni ikkovimiz ham tanimasak kerak. Chog‘imda, surat senga yoqib qolganga o‘xshaydi, a?

      – Judayam chiroyli ekan, – dedi Oliver.

      – Tag‘in undan cho‘chiyotgan bo‘lmagin? – so‘radi keksa xonim bolakayning suratga qandaydir bir ixlos, ayni chog‘da hadik-la javdirab tikilayotganini ko‘rib, bag‘oyat taajjublanar ekan.

      – Yo‘-o‘q! – tez javob qaytardi Oliver. – Ko‘zlari juda qayg‘uli ekan, keyin men o‘tirgan joydan nuqul yuzimga tikilayotganga o‘xshab ko‘rinyapti. Shundan bo‘lsa kerak, yuragim gusura-gusur urib ketyapti, – deb qo‘shib qo‘ydi Oliver shivirlab, – xuddi bu suratning joni bor, men bilan gaplashgisi kelyapti-yu, lekin gapirolmayotganga o‘xshaydi.

      – Xudovandi karimning o‘zi


Скачать книгу

<p>24</p>

Qamish sham – piligi qamish o‘zagidan yasalgan mum sham.