Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз Диккенс
Читать онлайн книгу.ko‘tarib kirib qoldi. U kitoblarni stolga qo‘yib, endi chiqib ketmoqchi bo‘lganida, mister Braunlou:
– Dastyor bolani ketkizmay turing, missis Beduin, undan uncha-muncha narsani berib yubormoqchiman, – dedi.
– Ketib bo‘ldi u, ser, – javob qildi missis Beduin.
– Qaytaring uni, – dedi mister Braunlou. – Bu muhim ish. Kitobfurush – bechorahol odam, kitoblarining bo‘lsa haqi berilmagan. Innaykeyin, yana bir necha kitobni qaytarib yuborish kerak.
Tashqari eshik ochiq edi. Oliver bir tomonga qarab, oqsoch ikkinchi tomonga yugurishdi, missis Beduin esa ostonada turgancha chiyillab dastyor bolani chaqirishga tushdi, ammo hech qanaqangi bolaning qorasi ko‘rinmadi. Oliver bilan oqsoch qaytib, halloslagancha, u allaqachon ketib bo‘lganini xabar qilishdi.
– Yo xudovandi karim-a, chakki ish bo‘pti-ku! – xitob qildi mister Braunlou. – Bu kitoblarni shu bugun kechqurun qaytarib yuborsam degandim-a!
– Oliverdan berib yubora qoling, – dedi mister Grimuig istehzoli iljayib. – Shubhasiz, bekam-u ko‘st eltib beradi.
Keksa jentlmen bir ko‘ngli, Oliverni o‘la qolsam yubormayman, demoqchi bo‘ldi, lekin mister Gri muigning badxohona tomoq qirishi o‘zgacha qarorga kelishga majbur etdi uni: Oliver topshiriqni zumda bajarib kelib, mister Grimuigning aqalli shu xususdagi shubhasi nohaq ekanini isbotlaydi, ha, isbotlaganda ham birpasda isbotlaydi!
– Juda soz! Sen borasan, bo‘tam, – dedi keksa jentlmen. – Kitoblar stolimning yonidagi kursida turibdi, ularni bu yoqqa olib kel.
Oliver foydasi tegadigan fursat kelganidan sevinib, darrov kitoblarni qo‘ltig‘iga urdi-yu, shapkasini ushlaganicha, nima deyishi kerakligini aytishlarini kuta boshladi.
– Unga aytasanki, – so‘zini davom ettirdi mister Braunlou mister Grimuigga tikilganicha, – unga aytginki, bu kitoblarni qaytarib olib keldim, degin, keyin unga qarzimni, to‘rt funt-u o‘n shilling haqini berasan. Mana senga besh funt. Demak, menga o‘n shilling qaytimini olib kelasan.
– O‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas shu yerda bo‘laman, ser! – dedi Oliver qizg‘in.
Qog‘oz pulni tugmali kamzuli cho‘ntagiga yashirib, qo‘ltig‘idagi kitoblarni mahkam qisganicha, ehtirom-la ta’zim bajo keltirdi-da, xonadan chiqib ketdi u. Missis Beduin uni tashqari eshikkacha kuzatib bordi, talaygina yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib, qaysi yo‘l qisqaligini, kitobfurushning ismi sharifi va ko‘chasining nomini tayinladi; Oliverning gapiga qaraganda, hammasini juda yaxshi tushunib olibdi. Buning ustiga tag‘in bola shamollab qolmasligi uchun ancha-muncha maslahatlar berib, nihoyat yo‘lga tushishiga ijozat etdi keksa xonim.
– Iloyo, yoqimtoy bu go‘dakni o‘zi yomon ko‘zdan asrasin! – deb qoldi keksa xonim orqasidan tikilgancha. – Nimagadir uni ko‘zdan yiroqlashtirgim qiyinroq bo‘lib turibdi-da.
Xuddi shu payt Oliver sho‘x-shodon o‘girilib qarab, muyulishdan burilib ketishdan oldin unga bosh irg‘ab qo‘ydi. Keksa xonim bunga javoban kulib qo‘ydi-da, eshikni yopib, o‘z xonasiga qarab ketdi.
– Qani, ko‘raylik-chi: yigirma daqiqa o‘tmayoq qaytib kelarov, – dedi mister Braunlou soatini chiqarib, uni stolga qo‘yar ekan. – Bu orada qosh qorayib qoladi.
– O! Astoydil qaytib keladi, deb o‘ylaysizmi? – surishtirdi mister Grimuig.
– Siz-chi, siz bunday deb o‘ylamaysizmi? – kulib turib so‘radi mister Braunlou.
Baayni shu asnoda mister Grimuigning vujudini qarama-qarshilik kayfiyati batamom qamrab oldi, do‘stining takabburona kulgisi uni battarroq vasvasaga soldi.
– Bunday deb o‘ylamayman! – dedi u stolga musht tushirib. – Bolaning egnida yap-yangi kiyim, qo‘ltig‘ida bir dasta qimmat kitob, cho‘ntagida bo‘lsa besh funt pul. U o‘g‘rivachcha oshnalarining oldiga jo‘naydi va sizni mazax qilib kuladi. Mabodo, shu bola bu yerga qachon bo‘lmasin qaytib kelsa, ser, men o‘z boshimni o‘zim g‘ajishga tayyorman.
Shunday deya u kursisini stolga yaqinroq surdi. Ikki do‘st jimgina o‘tirishar, o‘rtalarida esa soat yotardi.
Shu narsani aytib o‘tmoq joizkim, biz o‘z hukmi muhokamamizning ahamiyatini oshirmoqqa urinamiz va yana g‘ururimiz tazyiqida eng mulohazasiz hamda oshig‘ich xulosalar chiqaramiz, shundoq ekan, mister Grimuigning mutlaqo toshbag‘ir odam emasligini va bordi-yu, uning qadrdon do‘stini laqillatib, ahmoq qilsalar, astoydil ranjishi tayin ekanligini, lekin shu bilan birga, ayni damda Oliver Tvistning hech qachon qaytib kelmasligiga chin dildan, samimiy umidvor ekanligini ta’kidlab o‘tmoq darkordir.
Qorong‘ilik shunchalik quyuqlashdiki, soat raqamlarini ilg‘ab bo‘lmay qoldi, biroq ikki keksa jentlmen boyagidek sukut saqlab o‘tirishar, o‘rtalarida esa soat yotardi.
O‘N BESHINCHI BOB
KEKSA QUVNOQ JUHUD BILAN MISS NENSINING OLIVER TVISTNI QANCHALAR MEHR-LA SUYGANLARINI NAMOYISH ETADI
Kichik Safren-Xillning eng iflos qismidagi, qishda uzzukun gazchiroq yonib turadigan, yozda tangaday oftob ko‘rmaydigan, gardigacha spirt hidi singib ketgan yarim qorong‘i va diqqinafas, holatirazm qovoqxonaning g‘ira-shira xonasida chiyduxoba kamzul, kalta odmi ishton, uzun paypog‘-u boshmoq kiygan bir kishi qalayi ko‘zacha bilan qadahni oldiga qo‘yib o‘tiribdi; hatto xira chiroq shu’lasida eng tajribasiz politsiya agenti ham uning mister Bill Sayks ekanini darhol payqashi tayin edi. Uning oyog‘i ostida dam egasiga qarab ko‘zini pirillatib, dam tumshug‘idagi yangigina jarohatini (aftidan, yaqinginadagi olishuv oqibatida orttirgandi) yalab, ko‘zlari qizil oq it cho‘nqayib o‘tiribdi.
– Tek o‘tir, razil! Tek o‘tir! – buyurdi mister Sayks qo‘qqisdan tinchlikni buzib.
O‘y-xayollari itning ko‘z pirillatishi xalal beradigan darajada nozik tortib turganmidi yoxud mulohaza girdobiga sho‘ng‘ib ketadigan asab torlari shunchalar taranglashgan, uni bayov torttirmoq uchun beozor jonivorni tepish talabi tug‘ilganmidi – bunisi qorong‘i. Sababi qandoq bo‘lmasin, it birvarakay nasibasiga ham tepki, ham so‘kishdan ulushini oldi.
Odatda, it zoti egasi yetkazgan ranj-alam uchun qasos olishga moyil emas, biroq mister Sayksning iti o‘z egasi kabi bema’ni fe’lli edi va ehtimolki, shu pallada tortgan xo‘rligi-yu eshitgan haqorati ta’sirida bo‘lsa kerakki, hech qanday takalluf-pakallufsiz shartta egasining boshmog‘ini tishladi-oldi. U boshmoqni yaxshigina silkib, irillagancha kursi tagiga urib ketdi – zap vaqtida, mister Sayks qalayi ko‘zachani naq boshi uzra ko‘targan lahzada qochib qolgandi.
– Hali shunaqa ekan-da! – g‘o‘dilladi Sayks bir qo‘li bilan kosovni changallab, ikkinchisi bilan esa cho‘ntagidan chiqargan kattakon buklama pichog‘ini shoshilmay ocha boshlarkan. – Bu yoqqa chiq, iblis! Eshityapsanmi?
It shubhasiz eshitayotgan edi, chunki mister Sayks g‘oyatda dag‘dag‘ali ovoz va tahlikali ohangda so‘zlayotgandi, lekin u, chamasi, tomog‘iga tig‘ tortilishini istamayotgandek allaqanday bir g‘alati tuyg‘uni his etib, panohgohidan chiqmadi va battarroq irilladi, kosov uchini g‘archcha tishlab, yirtqich hayvonday g‘ajiy boshladi.
Bunday qarshilik ko‘rsatish mister Sayksni battar quturtirib yubordi xolos, u tizzalab olib, g‘azab-la jonivorga qarshi hamlaga o‘tdi. It o‘zini u yoqdan-bu yoqqa otar, kosovni g‘ajigancha irillar, hurirdi, egasi bo‘lsa so‘kinar, itni urar, og‘zidan bodi kirib-shodi chiqardi; olishuv avj pallasiga yetgan bir paytda to‘satdan eshik taraqlab ochildi-yu, it xonadan otilib chiqdi-ketdi, mister Sayks kosov bilan buklama pichog‘ini ushlagancha qolaverdi.
Urishmoq uchun hamisha ikki raqib tomon bo‘lmog‘i shart, degan ko‘hna naql bor. Shu bois tarafkashlik maydonida raqibi bo‘lmish itdan ayrilgan mister Sayks o‘sha zamonoq g‘azab tig‘ini yangi kirib kelgan odamga qaratdi.
– E, asfalasofilinga keting-e, itim bilan oramizga tushib nima qilasiz? – jahl bilan aftini burushtirib, qo‘llarini paxsa qilib qichqirdi Sayks.
– Bilmabman, azizim, bilmabman, – muloyimlik bilan javob qildi