Капитан Грант болалари. Жюль Верн
Читать онлайн книгу.qaramay, mahalliy aholidan hech kim uning tiliga tushunmadi.
Biroq Paganel bu yerlilar to Magellan bo‘g‘ozigacha araukan lahjasida gaplashadigan bo‘lganlaridan keyin, ular uchun ispan tili ham qadim yevropaliklar tilidek bir gap, deb o‘ziga o‘zi tasalli berdi. Shuning uchun Paganel o‘z qulog‘idan foydalanmadi, faqat ko‘zidan foydalanib, olimlarga xos zavq va mamnuniyat bilan har xil tipdagi moluxlarni tomosha qilardi. Erkaklar baland bo‘yli, qizg‘ish qora yassi betli, soqol qo‘ymaydigan kishilar edi: ularda chiqqan soqolni yulib tashlash odat edi. Ular sayohatchilarga ishonchsizlik bilan qarar edilar. Erkaklar tinchlik paytlarida nima qilishni bilmagan jangchilarga o‘xshab, bekorchilik bilan kun o‘tkazadiganday ko‘rinar edilar. Ayollar ro‘zg‘orga tegishli butun og‘ir ishlarni bajarar, shu bilan birga otlarni va qurol-yarog‘larni tozalashar, yer haydashar, o‘z xo‘jayinlari – erkaklar o‘rnida ov qilishar edi. Molux ayollari shuncha ishdan vaqt orttirib, yana poncho – feruza rangli milliy plashchlar tikardilar. Bunday bitta ponchoni tayyorlash ikki yilga cho‘zilar va bahosi yuz dollardan kam bo‘lmasdi. Umuman, moluxlar hali yovvoyilik urf-odatlarni saqlab qolgan, turmushi uncha qiziq bo‘lmagan xalq. Ularda odamzotga nimaiki illat xos bo‘lsa bor, lekin ular bitta juda yaxshi fazilatga ega, u ham bo‘lsa – ozodlikka muhabbat.
– Spartaliklarning xuddi o‘zi-ya! – deb takrorlar edi Paganel sayrdan qaytib kelib, ovqatlanar ekan.
Albatta, muhtaram olim ularga juda ortiqcha baho berib yubordi. Lekin u Arauko shahrida sayr qilib yurganda, uning fransuz yuragi qattiq-qattiq urganini bildirib, hamsuhbatlarini yana ham hayron qoldirdi. Mayorning, yuragingizning birdan bunday urib ketishiga sabab nima edi, deb bergan savoliga Paganel bu juda tabiiy, chunki yaqinginada mening vatandoshlarimdan biri Araukoniya taxtida o‘tirdi, deb javob berdi. Mayor u podshoning nomi nima edi deb so‘radi. Jak Paganel, u perigyolik eks-advokat, juda sersoqol ajoyib bir odam – janob de-Tonnen edi, deb g‘urur bilan javob berdi va janob de-Tonnen ham taxtdan tushgan qirollar «o‘z fuqarolarining ko‘rnamakligi» deb ataydigan holga uchradi, deb ilova qildi. Mayorning taxtdan quvilgan sobiq advokat to‘g‘risidagi bu gapni eshitib, jilmayib qo‘yganini ko‘rgan Paganel jiddiy ravishda, qirolning yaxshi advokat bo‘lishidan ko‘ra advokatning yaxshi qirol bo‘lishi osonroq deb ilova qildi. Paganelning bu so‘zlari hammaning qah-qah urib kulishiga sabab bo‘ldi. Keyin shu zahotiyoq hammalari Araukaniyaning sobiq qiroli Oreliy Antoniy I ning sog‘lig‘iga qadah ko‘tardilar.
Bir necha minutdan keyin sayohatchilarimiz o‘z poncholariga o‘ralib olgan holda dong qotib uxlab yotardilar.
Ertasiga ertalab soat sakkizda kichkina otryad o‘ttiz yettinchi parallel bo‘ylab sharqqa yo‘l oldi. Ilgarigi tartib bilan bordilar: karvon boshida madrila, eng keyinda peonlar. Yo‘l serhosil yerlardan o‘tardi: atrofda uzumzor bog‘lar, katta-katta podalar o‘tlab yurgan bepoyon yaylovlar uchrab turdi. Lekin borgan sari atrof bo‘m-bo‘sh bo‘la bordi. Ahyon-ahyonda butun Amerikaga mashhur bo‘lgan, yovvoyi otlarni o‘rgatuvchi hindlarning chaylasi – rastreadoreslar yoki hozir biroz sayoq hindga boshpanalik xizmatini o‘taydigan bo‘lib qolgan sobiq pochta stansiyasi uchrab qolardi. Shu kuni sayohatchilarimizning yo‘lini ikki daryo to‘sib chiqdi, bular Rake va Tubal daryolari edi, lekin katapats ikkala daryodan ham kechuv joyi topdi va sayohatchilar daryoning narigi sohiliga o‘tib oldilar. Ufqda borgan sari yaqqollashib va shimol tomonga qarab tizilib ketgan cho‘qqilari aniq-ravshan ko‘rinib, Kordiler tog‘ tizmalari yastlanib yotardi. Lekin bu hali yangi dunyoning bahaybat gavdasini tutib turgan umurtqaning pastki bo‘g‘inlari edi, xolos.
O‘ttiz besh mil yo‘l bosib o‘tgach, soat to‘rtda sayohatchilarimiz qirning o‘rtasida o‘sgan baland mirta chakalakzoriga yetib kelib, dam olishga to‘xtadilar. Xachirlarni jilovdan chiqarib, egarlarini olib, qo‘yib yubordilar, jonivorlar darhol o‘zini yaylovdagi qalin barra o‘tga urdi. Chiroyli gullar tikilgan xurjun – alforxaslardan odatdagi safar ovqati, go‘sht bilan gurunch olib yedilar. Ovqatdan keyin sayohatchilar qo‘y terisidan tikilgan pelionlarga o‘ralib, boshlari tagiga yostiq o‘rniga rekado – egarni qo‘yib, yangitdan kuch to‘plash uchun qattiq uyquga ketdilar. Kechasi bilan katapats va peonlar galma-galdan navbatchilik qildilar.
Havo yaxshi bo‘lgani uchun ekspeditsiyaning barcha ishtirokchilari, hatto Robert ham, o‘zlarini juda yaxshi his qilardilar. Hamon bu sayohat shunchalik yaxshi boshlangan ekan, uning yaxshi natijalar bilan tugashiga umid qilaverish kerak edi.
Ertasiga yana shitob bilan yo‘l bosib, eson-omon Rio-Bell ostonalaridan o‘tdilar, kechqurun ispan Chilisi bilan mustaqil Chilini bir-biridan ajratib turadigan chegara – Rio-Biobio daryosi qirg‘og‘ida to‘xtashganida Glenarvan ekspeditsiya yana o‘ttiz besh mil yo‘l bosdi, deb yo‘l daftariga yozib qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Tevarak-atrofda o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. O‘lka juda serhosil bo‘lib, atrofda juda ko‘p amarilislar, binafsha daraxtlari, bangidevona va tilla rang gul ochib kaktuslar o‘sib yotardi. Chakalaklarda allaqanday yirtqich hayvonlar yashirinib yurar, ular orasida otselot – yovvoyi mushuklar ko‘rinib qolardi. Qushlar ko‘p emas edi: goh-gohida biror qarqara, boyqush yoki lochin changaliga tushib qolmaslik uchun qochib ketayotgan mayna yo chomga ko‘rinib qolar edi. Yerli xalq deyarlik uchramadi. Ahyon-ahyonda hindular bilan ispanlarning qoni aralashib dunyoga kelgan biror guassos yalang oyog‘iga taqib olgan katta shporni otining qonab ketgan biqiniga niqtab, soyadek lip etib o‘tib qolardi. Yo‘lda ekspeditsiyani qiziqtirgan masalada surishtirib biror narsa bilsa bo‘lguday hech jon uchramadi. Lekin Glenarvan bunga ko‘nikib qoldi. U kapitan Grantni asir qilgan hindular uni Kordiler tog‘ining narigi tomoniga olib o‘tib ketganlar, demak, uni qidirish ishlari tog‘ning bu tomonida emas, balki pampaslarda natija beradi, deb o‘zini ishontirishga tirishar edi. Demak hozircha sabr qilish va tez sur’atlar bilan yo‘l bosish kerak.
17-oktabrda odatdagi vaqtda va odatdagi tartib bilan yo‘lga chiqdilar. Robert uchun bu tartibni saqlab yurish qiyin edi. Tinib-tinchimagan bola o‘z xachirini haydab hadeb madriladan oldinga o‘tib ketmoqchi bo‘lar, faqat Glenarvanning jiddiy qichqirishigina uni qaytarib qolardi.
Atrof o‘z tekisligini yo‘qota bordi. Tez-tez uchrab turgan adirlar va sharillab oqayotgan riolar, ya’ni soylar tog‘ning yaqinligidan darak berardi. Paganel tez-tez kartaga qarar, yo‘lda uchragan soylardan birontasi kartaga tushirilmagan bo‘lsa – bunday hol esa ko‘p uchrab turardi – geografiya olimining qoni qaynab, xunobi oshib ketardi.
‒ Oti yo‘q soyning huquqsiz odamdan hech farqi yo‘q! – derdi u, jahli chiqib. – Geografiya qonuni uchun u yo‘q narsa.
Shu sababga ko‘ra olimimiz ismsiz soylarga hech tortinmay ot qo‘yar, qo‘yganda ham juda jarangdor qilib ispancha ism qo‘yardi-da, darhol qo‘lidagi kartaga kiritardi.
‒ Zap til ekan-da! – deb takrorlar edi Paganel. – Juda ham ohangdor va jarangli-a! Xuddi metalldan quyilganga o‘xshaydi! Imonim komilki, bu tilning tarkibi qo‘ng‘iroq quyiladigan bronzaga o‘xshash, yetmish sakkiz qismi mis-u yigirma ikki qismigina qalayi.
‒ Lekin o‘zingiz ispan tilini o‘rganyapsizmi? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Bo‘lmasam-chi. Faqat talaffuzimning mazasi yo‘q! Shunisi chatoq!
Shundan keyin Paganel sira ruxini tushirmay ovozini baland qo‘yib, ispan tilining talaffuzi bilan kurashishga tushib ketar, lekin bu geografik kuzatishlar olib borishiga sira xalaqit bermas edi. Bu sohada u hayron qolar darajada kuchli bo‘lib, albatta, bu borada hech kim uning oldiga tusha olmasdi. Glenarvan bu o‘lkaning biror xususiyati to‘g‘risida katapatsdan biron narsa so‘rab qolguday bo‘lsa, geografiya olimi, doim yo‘l boshlovchidan ilgariroq javob berar edi. Katapats unga juda hayron bo‘lib qarardi.
Shu kuni kunduz soat ikkilarda otryad allaqanday bir yo‘lni kesib o‘tdi. Tabiiyki, Glenarvan katapatsdan bu yo‘lning nomini so‘radi, xuddu shunday tabiiy ravishda unga Jak Paganel javob berdi:
‒ Bu Yumbeldan Los-Anjelosga olib boradigan yo‘l.
Glenarvan katapatsga qaradi.
‒ To‘ppa-to‘g‘ri, – deb tasdiqladi katapats, so‘ng geografdan so‘radi: – demak, siz bu yerlardan o‘tgan ekansiz-da?
‒ Albatta! – deb javob berdi Paganel tamomila