Капитан Грант болалари. Жюль Верн
Читать онлайн книгу.ikkita juda muhim so‘z bor: zwei – buning ma’nosi «ikki»; so‘ng atrosen, to‘g‘rirog‘i, matrosen, buning tarjimasi – «matroslar» demakdir.
‒ Undan chiqdi, bu yerda gap kapitan bilan ikki matros to‘g‘risida ekan-da, a? – deb so‘radi Elen.
‒ Shunaqaga o‘xshaydi, – deb javob berdi Glenarvan.
‒ E’tirof qilishim kerakki, – deb davom etdi kapitan, – undan keyingi graus so‘zi meni qiyin ahvolga solib qo‘yyapti – uni nima deb tarjima qilishni bilmayapman. Ehtimol, buning ma’nosini bizga uchinchi hujjat ochib berar. Oxirgi ikki so‘zga kelsak, ularni tushunish oson: bringt ihnen – «ularga… qiling» degan ma’noni bildiradi. Buni birinchi hujjatning xuddi shu so‘zlar singari yettinchi satrida turgan inglizcha assistance so‘ziga qo‘shsak, o‘z-o‘zidan: «ularga yordam qiling» degan ifoda kelib chiqadi.
‒ To‘g‘ri! «Ularga yordam qiling» degan ifoda kelib chiqadi! – deb takrorladi Glenarvan. – Lekin u bechoralar qayerda? Hozirgacha falokat yuz bergan joy to‘g‘risida hech gap yo‘q.
‒ Zora fransuzcha hujjat aniqroq bo‘lsa, – dedi Elen.
‒ Bo‘lmasa fransuzcha hujjatni o‘qiylik, – dedi Glenarvan, – bu tilni hammamiz bilganimiz uchun uni o‘qish uncha qiyin bo‘lmaydi.
Fransuz tilidagi hujjatning aniq ko‘chirmasi mana bunday edi:
‒ Bunda raqamlar bor ekan! – deb yubordi Elen. – Qaranglar, janoblar! Qaranglar!
‒ Ishni marom bilan qilaylik, – dedi Glenarvan, – boshdan boshlaymiz. Bu uzuq-yuluq so‘zlarni birin-ketin tiklab ko‘rishga ruxsat etinglar. Dastlabki so‘zdanoq ma’lum bo‘ladiki, gap uch machtali kema to‘g‘risida boryapti. Kemaning nomi inglizcha va fransuzcha hujjatlardagi so‘zlardan ma’lum bo‘ldi: uning nomi «Britaniya». Qolgan ikki – gonie va austral9 – so‘zdan biz uchun faqat ikkinchisi tushunarli.
‒ Mana bu qimmat baho tafsilot, – dedi Jon Mangls, – demak, kema halokati janubiy yarim sharda yuz bergan.
‒ Bu u qadar aniq emas, – deb e’tiroz bildirdi mayor.
‒ Davom etaman, – dedi Glenarvan. – Abor so‘zi aborder10 fe’lining o‘zagidir. U bechoralar qandaydir bir sohilga chiqib olganlar. Lekin qayerga? Contin so‘zining ma’nosi nima? Qit’a emasmikin?11 So‘ngra cruel12.
‒ Gruel, – deb qichqirib yubordi Jon Mangls. – Nemischa hujjatdagi graus so‘zining ma’nosi bu yoqdan chiqdi: grausam shafqatsiz degani!
‒ Davom etamiz! Davom etamiz! – dedi Glenarvan. U uzuq-yuluq so‘zlarning ma’nosi ochila borgan sari tobora ko‘proq ehtiros bilan hujjatlarga yopishar edi: – Indi… Bu nima bo‘ldiykin? Ularni dengiz Hindiston qirg‘oqlariga chiqarib tashladimikin? Unda ongit degani nima bo‘ldi? Haa! Longitude13. Mana kenglik haqidagi ma’lumotga ham yetib keldik: 37°11´ Nihoyat aniq ko‘rsatkichga ega bo‘ldik.
‒ Ha, – dedi Mak-Nabbs, – lekin qo‘limizda uzunlik to‘g‘risida ma’lumot yo‘q-ku!
‒ Hamma ma’lumotlar ham bo‘lavermaydi-da, aziz mayor, – deb javob berdi Glenarvan. – Kenglikni aniq bilishimizning o‘zi ham katta gap. Hujjatlar ichida eng to‘lig‘i shu fransuz tilidagisi ekan. Bu hujjatlar bir-birining aniq tarjimasi ekanligi shubhasiz, chunki har uchala hujjatdagi satrlar miqdori bir xil. Shuning uchun bu uchala hujjatni bir-biriga qo‘shib, bitta tilga tarjima qilish, so‘ngra esa uning ishonarli, to‘la va mantiqiy ma’nosini topishga harakat qilish kerak.
‒ Bu uchala tilning qaysinisiga tarjima qilmoqchisiz? – deb so‘radi mayor.
‒ Fransuzchaga, – deb javob berdi Glenarvan, – chunki hujjatlar ichida shu tildagisi to‘laroq saqlanib qolgan.
‒ Siz tamomila haqlisiz, – deb uning fikriga qo‘shilishdi Jon Mangls. – Buning ustiga, fransuz tilini hammamiz ham yaxshi bilamiz.
‒ Demak, bu masala hal bo‘ldi! Men bu hujjatni mana bunday usulda to‘lataman: ifodalar va so‘zlarni birlashtiraman, ularni bir-biridan ajratib turgan oraliq esa ochiq qolaveradi: ma’nosi shubhasiz aniq bo‘lgan so‘zlarni to‘latib yozaveraman. Keyin esa biz ularni solishtirib, muhokama qilamiz.
Glenarvan qo‘liga qalam olib, darhol ishga tushdi. Bir necha minutdan so‘ng quyidagi so‘zlar yozilgan qog‘ozni do‘stlariga uzatdi:
Shu payt kayutaga bir matros kirib, kapitanga «Dunkan» Klayd qo‘ltig‘iga kirayotganini xabar qildi va biror buyruq bo‘lish-bo‘lmasligini so‘radi.
‒ Sizning maqsadingiz qanday, ser? – deb so‘radi Jon Mangls Glenarvandan.
‒ Mumkin qadar tezroq Dumbartonga yetib olish. U yerdan missis Elen uyga, Malkolm-Kestlga ketadi, men esa mana bu hujjatlarni ko‘rsatish uchun Londonga jo‘nayman.
Jon Mangls lozim bo‘lgan buyruqlarni berdi. Matros ularni kapitan yordamchisiga yetkazish uchun chiqib ketdi.
‒ Endi esa, do‘stlarim, – dedi Glenarvan, – o‘z tekshirishlarimizni davom ettiramiz. Biz yuz bergan katta halokat iziga tushib qoldik, endi bir necha kishining hayoti bizning fahm-farosatimizga bog‘liq bo‘lib qoldi. Bu muammoni hal qilish uchun butun idrokimizni ishga solaylik.
‒ Biz tayyormiz, azizim Eduard, – dedi Elen.
‒ Dastavval, – deb davom etdi Glenarvan, – biz bu hujjatlardagi uch xil narsani: birinchidan, bizga hozir ma’lum bo‘lgan narsalarni, ikkinchidan, taxmin qilish mumkin bo‘lgan narsalarni va nihoyat, uchinchidan, bizga ma’lum bo‘lmagan narsalarni muhokama qilishimiz kerak. Xo‘sh, bizga nima ma’lum? 1862-yil 7-iyunda Glazgo portidan chiqqan uch machtali «Britaniya» kemasining halokatga uchragani, so‘ngra, ikki matros bilan kapitan 37°11’ kenglikda mana shu hujjatni dengizga tashlashgani va yordam so‘rashayotgani bizga ma’lum.
‒ Juda to‘g‘ri, – deb qo‘shilishdi unga mayor.
‒ Endi biz nimalarni taxmin qilishimiz mumkin? – deb davom qildi so‘zida Glenarvan. – Dastlab biz falokat janubiy yarim sharda yuz bergan deb taxmin qilishimiz mumkin. Men sizlarning diqqatingizni allaqanday bir so‘zning gonie degan bo‘lagiga jalb qilaman. Bu biror mamlakatning oti emasmikin?
‒ Patagoniya bo‘lmasin yana? – deb so‘radi Elen.
‒ Shubhasiz.
‒ O‘ttiz yettinchi kenglik Patagoniyadan o‘tadimi? – deb so‘radi mayor.
‒ Buni tekshirib ko‘rish oson, – dedi Jon Mangls Janubiy Amerikaning xaritasini ocha turib. – Xuddi shunday: o‘ttiz yettinchi parallel Araukaniyani kesib o‘tadi, Patagoniyaning shimolidagi qirlar orqali Atlantik okeaniga chiqib ketadi.
‒ Juda soz! Endi taxminlarimizni davom ettiramiz, ikki matros bilan kapitan abor… yetib oldilar… qayerga? Contin… qit’aga. Diqqatingizni shunga jalb qilaman. Ular orolga emas, qit’aga yetib olganlar. Xo‘sh, ularning taqdiri nima bo‘ldi? Baxtimizga ikki harf, ya’ni pr harflari bor, bu harflar ularning qayerdaligini ko‘rsatib turibdi. Bechoralar! Ular prisonniers, ya’ni asirlikdadirlar. Kimning qo‘lida? Gruels indiyens – shafqatsiz hindlar qo‘lida. Ishonarlimi? Uzuq-yuluq so‘zlarning ma’nosi o‘z-o‘zidan oydinlashmayaptimi? Hujjatning ma’nosi ko‘z oldimizda tobora ochilmayaptimi?
Glenarvan shunday ishonch bilan so‘zlar, ko‘zlarida shunday ishonch porlar ediki, uning bu ishonchi o‘z-o‘zidan boshqalarga ham o‘tdi, shuning uchun ular baravariga:
‒ Albatta! Albatta shunday! – deb uning so‘zini tasdiqladilar.
Biroz jim turgach, Glenarvan
9
Austral – janubiy.
10
Aborder – yetib olmoq, chiqib olmoq.
11
Continent – qit’a, materik.
12
Cruel – shafqatsiz.
13
Longitude – uzunlik.