Капитан Грант болалари. Жюль Верн

Читать онлайн книгу.

Капитан Грант болалари - Жюль Верн


Скачать книгу
bo‘lishi mumkinmi, yo yo‘qligini aniq bilib olamiz.

      ‒ Yo‘q, Glazgoga borib o‘tirishning hojati yo‘q, – dedi Jon Mangls, – menda «Savdo floti gazeta»sining komplekti bor, biz undan eng aniq ma’lumotlarni bilib olishimiz mumkin.

      ‒ Ko‘ra qolaylik bo‘lmasa! – deb yubordi Elen Glenarvan.

      Jon Mangls gazetaning 1862-yilgi komplektini varaqlab, tez ko‘zdan kechira boshladi. U ko‘p qidirmadi. Ko‘p o‘tmay mamnuniyat bilan quyidagi xabarni o‘qib berdi:

      ‒ «1862-yil 30-may. Peru. Kalyao. Jo‘nab ketgan joyi Glazgo. «Britaniya», kapitan Grant».

      ‒ Grant! – dedi Glenarvan. Ulug‘ okeanning allaqayerida yangi Shotlandiya barpo etmoqchi bo‘lib yurgan shotlandiyalik dovyurak kapitan emasmi?

      ‒ Ha, – dedi Jon Mangls, – xuddi o‘sha Grant. U 1861-yilda «Britaniya» kemasida Glazgodan jo‘nab ketgan edi, o‘shandan beri dom-darak yo‘q.

      ‒ Endi hech qanday shubhaga o‘rin yo‘q, hech qanday shubhaga! – dedi Glenarvan. – Masala ravshan! «Britaniya» Kalyaodan 30-mayda yo‘lga chiqqan, bir haftadan keyin, 7-iyunda Patagoniya sohillariga yaqin yerda halokatga uchragan. Mana, biz bunday qaraganda hech narsa tushunib bo‘lmaydigan uzuq-yuluq so‘zlardan bu falokatning butun tarixini bilib oldik. Do‘stlarim, shunday deb taxmin qilishga imkoniyat bor edi. Endi bizga falokat qaysi uzunlikda yuz bergani noma’lum, xolos.

      ‒ Uning bizga keragi ham yo‘q, – dedi Jon Mangls, – falokat yuz bergan kenglik bilan mamlakatning nomi ma’lum bo‘lgandan keyin men u joyni shunday ham topib beraman.

      ‒ Demak, bizga hamma narsa ma’lum, shundaymi? – deb so‘radi Elen.

      ‒ Shunday, azizim, endi men hujjatning suv yuvib ketgan joylarining xuddi kapitan Grant og‘zidan eshitib turgandek ishonch bilan aytib bera olaman.

      Shundan so‘ng Glenarvan yana qo‘liga qalam oldi va ishonch bilan quyidagilarni yozdi:

      «1862-yil 7-iyunda Glazgo portidan chiqqan uch machtali «Britaniya» kemasi janubiy yarim sharda, Patagoniya sohillari yaqinida halokatga uchradi. Ikki matros bilan kapitan Grant sohilga chiqib olishga harakat qildilar, u yerda shafqatsiz hindularga asir tushadilar. Ular bu hujjatni… gradus uzunlik va 37º11’ kenglikda dengizga tashladilar. Yordam qilinglar, yo‘qsa ular halok bo‘ladilar».

      ‒ Juda soz! Juda yaxshi, azizim Eduard! – dedi Elen. – Agar vaqti kelib, bu bechoralar o‘z vatanlariga qaytsalar, hayotlarini qutqarganingiz uchun sizdan minnatdor bo‘ladilar!

      ‒ Ular o‘z vatanlarini ko‘radilar! – deb javob berdi ishonch bilan Glenarvan. – Bu hujjat shunday aniq, ravshan va ishonchliki, Angliya bo‘m-bo‘sh dengiz qirg‘og‘iga chiqarib tashlangan o‘zining uch farzandiga yordam bermay qololmaydi. U bir vaqtlar Franklin14 va ko‘pgina boshqa odamlarga qilgan yordamini «Britaniya»da halokatga uchraganlardan ham ayamaydi.

      ‒ U bechoralarni o‘ldiga chiqarib o‘tirgan oilalari ham bor bo‘lsa kerak, albatta, – dedi Elen. – Ehtimol, bechora kapitan Grantning xotini, bolalari bordir…

      ‒ Gapingiz to‘g‘ri, azizim, umid tamom uzilmaganidan ularni xabardor qilishni men bo‘ynimga olaman. Do‘stlarim, endi palubaga chiqamiz, portga yaqinlashib qolganga o‘xshaymiz.

      Haqiqatan ham, «Dunkan» bu vaqtda tezligini oshirib But oroli oldidan o‘tib bormoqda edi. O‘ng tarafda Rotsey ko‘rinib turardi. Keyin kema qo‘ltiqning ensiz farvateriga15 kirib, Grinok yonidan o‘tdi va kechqurun soat oltida Dumbartondagi bazalt qoya yaqinida langar tashladi; bu qoyaning cho‘qqisida shotlandiyalik qahramon Uollesning mashhur qasri joylashgan edi.

      Pristanda Elen bilan mayor Mak-Nabbsni Malkolm-Kestlga olib ketishi lozim bo‘lgan kareta kutib turar edi. Glenarvan o‘zining yosh xotini bilan quchoqlashib xayrlashdi-da, tezyurar poyezdga tushib Londonga jo‘nash uchun vokzalga yugurdi.

      Jo‘nab ketishdan oldin u xabar berishning eng tez bo‘ladigan usulini qo‘lladi: bir necha minutdan so‘ng telegraf «Tayms» va «Morning Kronikl» gazetalarining redaksiyasiga quyidagi mazmundagi e’lonni yetkazdi:

      «Kapitan Grant va «Britaniya» kemasining taqdiri to‘g‘risida ma’lumot olmoqchi bo‘lganlar mister Glenarvanga murojaat qilsinlar. Shotlandiya, Dumbarton grafligi, Lyuss, Malkolm-Kestl».

      Uchinchi bob

      MALKOLM-KESTL

      Malkolm-Kestl – tog‘li Shotlandiyaning eng ko‘rkam qasrlaridan biri. U Lyuss qishlog‘iga yaqin yerda, go‘zal manzarali vodiy tepasida qad ko‘targan. Lomond ko‘lining ko‘m-ko‘k suvlari uning granit devorlarini yuvib turadi. Bu qasr Rob-Roy va Fergus Mak-Gregorlarning vatanida ko‘p zamonlardan beri Valter Skott qahramonlarining qadimiy mehmondo‘stlik urf-odatlarini saqlab kelgan Glenarvanlar avlodining mulki hisoblanadi.

      Glenarvan juda badavlat odam edi. U odamlarga juda ko‘p yaxshilik qilar, qilgan yaxshiligi hatto saxiyligidan ham oshib ketar edi, chunki uning yaxshiligining cheki yo‘q edi, saxiylikning esa, istasa-istamasa, chegarasi bo‘ladi. Uni Angliya davlat arboblari uncha yoqtirmas edi, buning sababi dastlab shu ediki, Glenarvan o‘z ota-bobolarining yo‘lidan borar va «bu janubliklar»ning siyosiy siqiqlariga qattiq qarshi chiqar edi. U butun yuragi bilan doim Shotlandiyaning sodiq farzandi bo‘lib qoldi; hatto o‘z kemalari bilan Qirollikning Temzadagi yaxt-klubi uyushtirgan musobaqalarda qatnashganda ham faqat o‘z vatani Shotlandiyaning shon-sharafini o‘ylar edi.

      Eduard Glenarvan o‘ttiz ikki yoshda bo‘lib, baland bo‘yli, chehrasi biroz jiddiy, lekin boqishlari g‘oyat muloyim, nihoyatda jasur, epchil, tashabbuskor va olijanob kishi edi. Undan tog‘li Shotlandiyaning toza nafasi gurkirab turardi.

      Glenarvanning uylanganiga endi uch oy bo‘lgan edi. Xotini Elen o‘z hayotini geografiya fani va geografik kashfiyotlar yo‘lida qurbon qilgan mashhur sayyoh Vilyam Tuffnelning qizi edi.

      Elen dvoryanlar oilasiga mansub emasdi, u shotlandiyalik qiz edi, bu esa Glenarvan uchun hamma narsadan ham afzal. Glenarvan o‘ziga umr yo‘ldoshi qilib ana shu go‘zal, jasur va fidokor qizni tanladi. Glenarvan Elen bilan u otasidan yetim qolib, otasining Kilpatrikdagi uyida hech qanday mablag‘siz, tanho o‘zi yashab turgan paytda tanishdi. Glenarvan bu g‘arib qizning sadoqatli va fidokor xotin bo‘lishini darhol payqadi va unga uylandi. Elen yigirma ikki yoshdagi sarg‘ish sochli, Shotlandiya ko‘llarining go‘zal bahor tongidagi shaffof suvlarini eslatuvchi ko‘m-ko‘k ko‘zli ayol edi. U o‘z erini nihoyatda yaxshi ko‘rardi. Xizmatkorlarga kelsak, ular o‘zlarining yosh bekachlaridan jonlarini ham ayamas edilar.

      Yosh er-xotin tog‘li Shotlandiyaning go‘zal va yovvoyi tabiati quchog‘iga solingan Malkolm-Kestlda baxtli hayot kechirar edilar. Ular ikki chetiga dub va klyon daraxtlari ekilgan alleyalarda, ko‘l sohillarida sayr qilib yurishar, qadimiy xarobalar Shotlandiyaning tarixini aks ettirib turadigan yovvoyi daralarga tushishar edi. Ular goh qayinzor va qarag‘ayzor o‘rmonlarda, o‘tlari sarg‘aya boshlagan keng dashtlarda kezib yurishar, goh tik ketgan tog‘ cho‘qqilariga chiqib ketishar yoki bo‘m-bo‘sh vodiylarda ot choptirib yurishar edi. Ular shu paytlargacha «Rob-Roy o‘lkasi» deb atalib keladigan bu go‘zal o‘lkani, Valter Skott 16 g‘oyat boplab tasvir qilgan bu mashhur joylarni o‘rganishar va juda sevishar edi. Kechqurunlari ufqda «Mak-Farlanning fonari» yoqilganda – oy chiqqanda ular Malkolm qasrini belbog‘ singari aylanib o‘tadigan qadimiy galereyani kezgani chiqib ketishar edi.

      Ularning to‘ydan keyingi dastlabki oylari shu tarzda o‘tdi. Lekin Glenarvan o‘z xotini mashhur sayyohning qizi ekanini unutmadi. U otasining sayohatga bo‘lgan ehtiroslari qizga ham o‘tgan bo‘lsa kerak, deb faraz qilar va bu bilan yanglishmagan edi. Shu maqsadda «Dunkan» qurildi. «Dunkan» Eduard va Elen Glenarvanlarni yaqin kunlarda O‘rta dengizga olib ketishi kerak edi. Eduard «Dunkan»ni butkul Elenning ixtiyoriga topshirganda uning qanchalik sevinganini tasavvur qilish qiyin emas.

      Mana, Glenarvan Londonga


Скачать книгу

<p>14</p>

Jon Franklin (1796 – 1848) – mashhur ingliz dengiz sayyohi, Shimoliy Muz okeaniga sayohat paytida yo‘qolgan. Angliya uni topish uchun bir qancha ekspeditsiyalar uyushtirgan (Muharrir).

<p>15</p>

Farvater – suvning kemalar yura oladigan chuqur joyi, kema yo‘li.

<p>16</p>

Valter Skott (1771 – 1832) – ingliz yozuvchisi, tarixiy roman janrining asoschisi. Shotland xalq balladalarini toʻplab, 3 jildli «Shotland hududlari qoʻshiqlari» toʻplamini (1803) nashr etgan. U 9 doston, 26 roman, bir necha qissa hamda adabiy-tanqidiy va tarixiy asarlar muallifi (Muharrir).